Xabaringiz bor, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun respublika bo‘yicha jami 9 766 ta qo‘shimcha ajratildi.
Harbiy tavsiyanomali abituriyentlar uchun ajratilgan kvotalar ta’lim shakllari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
— kunduzgi ta’lim — 7 420 ta (shundan 1 775 ta davlat granti, 5 645 ta to‘lov-kontrakt asosida);
— kechki ta’lim — 1 436 ta (barchasi to‘lov-kontrakt asosida);
— masofaviy ta’lim — 910 ta (to‘lov-kontrakt asosida).
Mazkur qo‘shimcha kvotalar harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlarga beriladi. Ammo bu imtiyozdan faqat birinchi tanlangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanish mumkin. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlarga bu imtiyoz amal qilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha kvotalar aniq bir ta’lim yo‘nalishi uchun emas, balki OTM kesimida ajratilgan. Ya’ni, abituriyentlar tanlagan yo‘nalishidan qat’i nazar, OTM ichida tavsiyanomaga ega eng yuqori ball to‘plaganlar tanlanadi.
Misol uchun, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun 44 ta qo‘shimcha kvota ajratilgan (11 ta grant, 33 ta kontrakt).
Bu OTMga 300 nafar harbiy tavsiyanomali abituriyent hujjat topshirdi. Ular orasida kimdir tarix yo‘nalishini, kimdir filologiya, kimdir falsafa yo‘nalishini tanlagan bo‘lishi mumkin.
Shunda, eng yuqori ball to‘plagan 44 nafar abituriyent o‘z tanlagan birinchi yo‘nalishiga grant yoki kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Qolgan 256 nafar abituriyent esa umumiy tanlovda (imtiyozsiz) ishtirok etadi. Agar ularning bali yetsa, ular ham kontrakt yoki grant asosida qabul qilinadi.
Muhim: Harbiy tavsiyanoma qo‘shimcha ball bermaydi. Imtiyoz shunchaki abituriyentni qo‘shimcha kvotada qatnashish huquqi bilan ta’minlaydi. Ya’ni, tanlov imkoniyatini oshiradi, lekin natijaga faqat to‘plangan ball asosida qaraladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun minimal ball:
— davlat granti uchun — kamida 68 ball;
— to‘lov-kontrakt uchun — kamida 56,7 ball.
Agar abituriyent bu ballardan kam to‘plasa, imtiyoz bekor qilinadi va tavsiyanoma hisobga olinmaydi.
