“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga ham 4 yillik grant ajratiladi

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga ham 4 yillik grant ajratiladi

Joriy o‘quv yilidan boshlab grantlar qayta taqsimlanishni boshlaydi. Ya’ni, yaxshi o’qigan talabalar grantga chiqadi, yomon o’qiganlar kontraktga tushadi. Prezident farmonida ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etilishi belgilangan.

 

Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant (IRG) nima degani?

 

Ijtimoiy rag’batlantiruvchi grant — qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi. Ya’ni, qaysidir talaba qo‘shimcha kvota orqali grantga kirgan bo‘lsa, o‘sha ijtimoiy rag’batlantiruvchi grant oladi.

 

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari haqida

 

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari o’tgan yilgi qabulga qadar umumiy kvotada barcha talabalar bilan grant o’rni, umuman o’qishga kirishda bilim sinashar edi. Ammo, 2024-2025-o’quv yilidagi qabuldan boshlab, «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari uchun alohida kvota ajratilish boshlandi. Endi ular umumiy kvota doirasida grant yoki kontrakt o’rni uchun boshqa abituriyentlar bilan bellashmaydi.

 

Shuningdek, bu imtiyoz bitiruvchilarga 4 yillik grant berishni ham ta’minlaydi.

 

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, bir qancha ushbu imtiyoz bilan talaba bo’lgan yoshlar «oliygoh rahbariyati TM bitiruvchilariga ham grant taqsimlashda qatnashishini, ariza yuborishi kerakligini aytishgan. “O‘tgan yili siz boshqacha yozgandingiz-ku, lekin amalda umuman boshqacha bo‘lyapti”, deb murojaat qilishgan.

 

«Shundan so‘ng, ushbu masalada vazirlik mas’ullari bilan bog‘landim, ularga vaziyatni tushuntirdim. Muhokamalardan so‘ng, vazirlik ham TM bitiruvchilariga 4 yillik grant berilishi kerakligini, chunki ularga qo‘shimcha kvota ajratilganini, demak ularga IRG berilganini ta’kidlashdi. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, kecha vazirlik mutasaddilari Zoom orqali yig‘ilish o‘tkazib, oliygohlarga bu haqida tushuntirish ham bergan. O‘tgan yili qo‘shimcha kvota orqali grantga kirgan TM bitiruvchilariga 4 yillik grant ajratiladi va ular har yilgi grant taqsimlashda ishtirok etmaydi», – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.