Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talabalarni yakuniy imtihondan oʻtkazib berishini vaʼda qilgan universitet oʻqituvchisi qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Berdaq” nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti oʻqituvchisi G.N. fuqaro A.D.ning ishonchiga kirgan.
Shundan so‘ng, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni va 17 nafar talabani yakuniy imtihondan oʻtkazib berishini aytib, 18,3 mln soʻm pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq, Toshkent va Farg‘ona shaharlarida universitetning kafedra oʻqituvchisi tanish-bilish orqali toshkentlik fuqaroni universitetga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3800 hamda 4000 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan edi.
