Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat bildirdi. U oʻqituvchi va xodimlarga jamiyatga xizmat qilish orqali bilim va tarbiya berishni taʼkidlab, bunday jinoyatlarga umuman toqat qilmaslikni bildirdi.
Avvalroq, iyul oyida Toshkent va Fargʻona hududlarida baʼzi oʻqituvchilar abituriyentlarni OTMga pora evaziga kiritishga urinishgani va shubhali shaxslar ashoviy dalillar bilan qoʻlga olingan edi.
“Vazirlik korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori boʻlib, taʼlim sohasida bunday jirkanch holatlarga mutlaqo toqat qilmaydi. Ayniqsa, bunday holatlar davlatimiz rahbari tomonidan ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan halollik va adolat tamoyillariga zid boʻlib, jamiyatda ishonchsizlikni yuzaga keltirish xavfini tugʻdiradi”, — dedi u.
Vazir mazkur holatlar mutlaqo kechirilmas va keskin qoralovga loyiq harakatlar ekanini qayd etib, bunday noqonuniy urinishlar butun oliy taʼlim tizimiga dogʻ tushirishini taʼkidlagan.
“Hurmatli oʻqituvchilar va soha vakillari! Biz sizlardan bilim va tarbiya berish orqali jamiyatga xizmat qilishni kutamiz, jinoyat sodir etishni emas. Har bir pedagog bu muqaddas kasb ortida yurt kelajagi, inson taqdiri turganini chuqur his qilishi kerak”, — deb qoʻshimcha qildi vazir.
Kongratbay Sharipov, har bir rahbar va xodim korrupsiyaga qarshi shaxsiy masʼuliyat bilan yondashishi va faqat qonun doirasida ish yuritishi kerakligini aytgan.
Shuningdek, mutasaddi taʼlim tizimdagi har bir rahbar va xodim korrupsiyaga qarshi shaxsiy masʼuliyat bilan yondashishi, bu borada faqat qonun doirasida faoliyat yuritishi shartligini eslatib oʻtdi.
