Tramp siyosati natijasi: amerikalik olimlar Fransiyadan “ilmiy boshpana” izlamoqda

Tramp siyosati natijasi: amerikalik olimlar Fransiyadan “ilmiy boshpana” izlamoqda

The Guardian nashri xabariga ko‘ra, AQShdagi ilmiy erkinlikka bosimlar sabab deyarli 300 nafar tadqiqotchi Fransiyadagi universitetga murojaat qilgan.

 

 

2025-yil yozida Fransiyaning Aix-Marseille universiteti “Safe Place for Science” (“Ilm uchun xavfsiz maskan”) deb nomlangan yangi dasturini e’lon qilgan. Dastur AQShda ilm-fan va akademik erkinlikka bosim kuchaygani sababli, bu muhitdan charchagan olimlar uchun “ilmiy boshpana” taklif qilmoqda.

 

 

Guardian nashrining yozishicha, AQShda Prezident Donald Tramp ikkinchi marta prezident bo’lgandan keyin ilm-fanga ajratiladigan mablag‘lar qisqartirilmoqda, xalqaro talabalar cheklovlarga duch kelmoqda, ayrim ilmiy sohalar va mavzular esa hatto taqiqlanmoqda.

 

 

Tarixchi olim Brayan Sandbergning so‘zlariga ko‘ra:

“AQShdagi tadqiqot va oliy ta’lim tizimi bugun haqiqiy tahdid ostida. Akademik erkinlik tushunchasi o‘z mazmunini yo‘qotmoqda.”

 

 

U Fransiyaga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan 300 nafar olimdan biri sifatida ushbu dasturga ariza topshirib, tanlovda 39 nafar finalchilar qatoriga kiritilgan.

 

 

Dastur qanday ishlaydi?

 

 

Aix-Marseille universiteti dastur doirasida 20 nafar tadqiqotchiga 3 yillik to‘liq moliyalashtiriladigan ilmiy lavozim taklif etmoqda. Qisqa muddat ichida dunyoning nufuzli muassasalari – NASA, Columbia, Stanford, Yale va Johns Hopkins universitetlari olimlaridan 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

 

 

Universitet prezidenti Erik Berton bu vaziyatni tarixiy nuqtai nazardan quyidagicha izohlagan:

“80 yil avval AQSh fashistik rejim bosimi ostidagi fransuz olimlarini qabul qilgan edi. Bugun esa tarix ortga qaytganday — amerikalik olimlar Fransiyadan ilmiy erkinlik izlab kelmoqda.”

 

 

AQShdagi olimlar nimalardan xavotirda?

 

 

Ilmiy doiradagi bir nechta nomzodlar, xavfsizlik sababli, o‘z nomlarini ochiqlashdan bosh tortgan. Ulardan biri, biologik antropolog Lizaning aytishicha:

“Ayrim so‘zlar endi grant arizalarida ishlatilmasligi kerak. Masalan: ‘xilma-xillik’, ‘ayollar’, ‘LGBTQ’ kabi atamalar endi taqiqlangan. Bu ilmga senzura joriy etilishi demakdir.”

 

 

Iqlim bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi Jeyms esa shunday deydi:

“Amerikada har doim biroz anti-intellektual kayfiyat bo‘lgan. Ammo hozir u ochiqchasiga kuchaymoqda. Ilm-fanga ishonmaydiganlar oz bo‘lishi mumkin, ammo ular juda qudratli qatlamga aylandi.”

 

 

Olimlar oilalari bilan ketmoqda

 

 

Olimlar nafaqat o‘zlarini, balki butun oilasini AQShdan olib chiqishga harakat qilmoqda. Aksariyati barqaror ish joyini, katta maoshni tashlab, erkin fikrlash va ilmiy tadqiqot imkoniyati uchun Fransiyaga ko‘chishga tayyor. Ba’zilar bu qarorni “tashvishli, ammo muqarrar” deb ataydi.