Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi bir bogʻchasida bolalar qarovsiz qolgani aks etgan videolar tarqalgan edi.
Kadrlarda bolalar bogʻchasining darvozalari oxirigacha ochiq ekani, yaqin atrofda mashina toʻxtab turgani koʻriladi. Holbuki, yaqinida maktab va bogʻcha ham bor. Qo‘riqchi xodim esa joyida yoʻqligi ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, bogʻchada toʻrtta guruh faoliyat koʻrsatadi, ulardan birida 4 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar birga tarbiyalanadi. Hodisa sodir boʻlgan paytda personaldan faqat oshxona xodimasi bo‘lgan, va u tarbiyachining qayerda ekanini bilmasligini aytgan.
Vaziyat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, videoda qayd etilgan holat Yangihayot tumanidagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalaridan birida roʻy bergan.
‘‘O’rganish davomida fuqaro Yu.R. ning farzandi A.I. ning tarbiyachi yordamchisi S.N. shu yilning 4-iyul kuni soat 7 larda ishga kelib, soat 7.30 lar atrofida bolalarni nazoratsiz qoldirganligi aniqlandi.
Tashkilot ma’muriyati tomonidan ish faoliyatida kamchiliklarga yo’l qo’ygani va tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirgani uchun tarbiyachi yordamchisi S.N. ga nisbatan intizomiy chora qo’llanilganligini bildiramiz’’, — deyiladi xabarda.
