«Oliy taʼlim maskani “savdo ofisi” bo‘lmasligi kerak!» — bloger

«Oliy taʼlim maskani “savdo ofisi” bo‘lmasligi kerak!» — bloger

Jamoatchilik faoli, bloger Nurbek Alimov telegramdagi sahifasida oliy ta’lim dargohlarining joylashuvi haqida o’z fikrlarini bildirdi.

 

Soʻnggi paytlarda shahar koʻchalarida ajablanarli, ammo endi odatiy boʻlib ulgurgan manzaraga koʻp duch kelaman: birinchi qavat — kafe, dorixona, «там» doʻkon, ikkinchi qavat — oliy taʼlim muassasasi!

 

Bu qandaydir ilm maskani emas, balki taniqli brendning yangi savdo nuqtasi yoki servis markazini eslatadi. Ilm dargohi shunchaki “savdo ofis”iga aylanib borayotgani esa jiddiy xavotir uygʻotmay qoʻymaydi.

 

Universitet — faqat diplom tarqatadigan joy emas. Unda jipslashgan akademik muhit, talabalar va ustozlar oʻrtasida uzluksiz muloqot, laboratoriya, kutubxona, kampus, manzarali hovli va sifatli taʼlim boʻlishi kerak.

 

Bir necha binolarda tarqoq holda faoliyat yuritish, bu nafaqat jarayonni qiyinlashtiradi, balki oʻquv sifatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ilm izlab kelgan va katta mablagʻ toʻlayotgan talabalar, qanaqadir «торговый центр»larda emas, haqiqiy universitet muhitida bilim olishi shart. Bu ularni ham maʼnaviy, ham moddiy haqqi hisoblanadi.

 

Davlat bu masalada oʻz pozitsiyasini aniq bildirishi lozim. Nodavlat oliy taʼlim muassasalari zamonaviy kampuslarga ega boʻlishi shart.

 

Bir soʻz bilan aytganda, koʻcha-koʻydagi tarqoq oʻquv binolardan voz kechish, toʻliq jihozlangan, zamonaviy va yagona kampuslarga koʻchish vaqti keldi.

 

Masʼullardan vaziyatni nazoratga olishadi deb umid qilamiz. – deydi bloger Alimov.