Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak?

Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak?

Umumta’lim maktabining 1-sinfiga qabul qilinayotgan bolaning o‘qish jarayonlariga moslashuvi, ayniqsa uning sog‘lomligi, jismonan va ruhan tayyorligi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun bolalarni maktabga qabul qilishda ota-onalardan bir nechta tibbiy ma’lumotnomalar talab qilinadi.

 

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova, bola 1-sinfga qabul qilishda zarur bo‘lgan tibbiy tekshiruvlar haqida ma’lumot berdi.

 

— 2020-yil 23-sentyabrda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul yoshi 7 yosh etib belgilandi, — deydi mutaxassis.

 

— Agar bola maktabgacha taʼlim muassasasiga borgan boʻlsa, ular bogʻcha davridayoq, hududiy oilaviy poliklinika mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda barcha tibbiy koʻriklardan oʻtkaziladi va ularning sogʻlomligini tasdiqlovchi 026-shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma qabul komissiyasiga taqdim etiladi.

 

Agar bola bog‘chaga bormagan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 27-iyuldagi buyrug‘iga binoan, 026-shaklidagi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun bola hududiy oilaviy poliklinikaga yo‘llanma asosida quyidagi mutaxassislar tomonidan tekshiriladi: stomatolog, endokrinolog, ortoped, oftalmolog, logoped, psixonevrolog va oila shifokori. Bundan tashqari, bola umumiy qon va peshob tahlillaridan, shuningdek, 3 marta gijjaga qarshi laborator tahlillardan o‘tishi zarur.

 

Shuningdek, bolalarning Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq bir qator kasalliklarga qarshi vaksina olishlari kerak. Ushbu vaksinatsiya ma’lumotlari 063-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi lozim. Vaksinalar qatoriga virusli gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyalari, boʻg‘ma, qoqshol, koʻkyo‘tal, Xib infeksiyasi, qizamiq, epidparotit va pnevmokokk infeksiyalari kiradi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish