Oʻqituvchi taʼtil vaqtida malaka oshirishga borsa, unga pul toʻlanadimi?

Oʻqituvchi taʼtil vaqtida malaka oshirishga borsa, unga pul toʻlanadimi?

Mehnat kodeksining 229-moddasiga koʻra agar har yilgi mehnat taʼtilidan foydalanishga monelik qiluvchi sabablar taʼtil boshlanguniga qadar kelib chiqqan boʻlsa, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan taʼtildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi. Bunday sabablar taʼtil davrida kelib chiqqan hollarda taʼtil tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga koʻra taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga koʻchiriladi.

 

Mana shu qoidaga koʻra siz taʼtil davrida malaka oshirishga jalb qilinganingiz uchun taʼtil muddati malaka oshirish muddati tugaydigan muddatga uzaytiriladi. Bunda sizning malaka oshirish davomida ish haqi qoplanadi.

 

Mehnat kodeksining 367-moddasiga muvofiq xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xodim hamda ish beruvchi uchun ixtiyoriy tartibda yoki, agar xodimlarni majburiy qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish talablari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, majburiy tartibda amalga oshirilishi mumkin.

 

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 130-bandiga asosan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlariga ishdan ajralgan holda malaka oshirishga yuborilgan tinglovchilarning oʻqishi davrida asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.

 

Shuningdek ushbu kodeks 370-moddasiga asosan xodim ish beruvchi va xodim uchun majburiy boʻlgan qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida xodimning ish joyini (lavozimini) va oʻrtacha ish haqini saqlab qolishi shart.

 

Shunga koʻra siz ishdan ajralgan holda malaka oshirishga jalb etilgan boʻlsangiz, unda sizning ish haqingiz saqlanib qolishi va sizga toʻlanishi kerak.

 

Asos