Qonunchilikka koʻra, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda oʻqishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
– oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;
– tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi;
– oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlariga 1-iyungacha elektron shaklda murojaat qiladi.
Bunda staj boʻyicha my.mehnat.uz YMMT da hamda oʻrta maxsus diplomini diplom.edo.uz sayti orqali tekshirtirib olishi kerak.
Ariza va hujjatlar 7-iyungacha koʻrib chiqiladi va ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qoʻmitaga taqdim qilinadi. Hujjatlar Qoʻmita tomonidan 14-iyungacha koʻrib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Ishchi guruh har yili 15-iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga yetkazilishini taʼminlaydi. Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi.
Kirish imtihonlari yakuniga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ballni toʻplagan xotin-qizlar ballar ketma-ketligida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.
Eslatma! 2022-yilda berilgan tavsiyanomalar muddati tugagan.
