Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻquvchilarning yozgi taʼtil davrini maroqli tashkil etish hamda sogʻlomlashtirish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Xususan:
– joriy yilda vazirlik tizimidagi 5 ta dam olish maskaniga 1 400 ming nafar bola qamrab olinadi;
– tajribali oʻqituvchi va mutaxassislarni jalb qilgan holda 47 ta ixtisoslashtirilgan sogʻlomlashtirish oromgohlari tashkil etiladi;
– dam oluvchi oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida oromgohlarda ish olib boruvchi pedagog xodimlar uchun maxsus uslubiy qoʻllanmalar yetkazildi;
– bolalar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida oromgohlarga 65 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib beriladi;
– stansionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun taʼlim muassasalarida 1 239 ta sogʻlomlashtirish maydonchasi (bepul) tashkil etilib, ularga 168 574 nafar bola jalb etiladi;
– sogʻlomlashtirish maydonchalarida sport, sanʼat va IT yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda bolalarga moʻljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.
Shuningdek, 208 ta “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” bolalar ansambli jamoalarining teatr va konsert dasturlari uyushtiriladi.
Bundan tashqari 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida 3 turdagi toʻgarakdan iborat qisqa muddatli “Ijodkor bolalar oromgohi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
200 nafar Maktab “sport klubi” aʼzolari uchun ilk bora Zomin tumanida joylashgan “Lochin” dam olish maskanida sport mashgʻulot yigʻinlari oʻtkaziladi va yigʻin yakunlari boʻyicha maktab milliy terma jamosi shakllantiriladi.
