2025-yil 5-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-77-sonli farmoni bilan “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hujjat qabul qilindi.
Mazkur farmonga ko‘ra, Prezident huzuridagi Istiqlol kadrlarini tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi yangitdan tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma mamlakat uchun muhim sohalarda yetuk kadrlarni tayyorlashda strategik rol o‘ynashi ko‘zda tutilgan.
«El-yurt umidi» jamg‘armasining asosiy vazifalari
Farmonda belgilanishicha, jamg‘armaning asosiy maqsadi — professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan mutaxassislar zaxirasini shakllantirishdir. Bu borada jamg‘arma quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
– Kadrlar bozoridagi ehtiyojlarni tizimli o‘rganish va istiqbolli sohalar uchun mutaxassislarni tayyorlash;
-Nomzodlarni vazirliklar, idoralar va strategik korxonalar ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish;
– Xorijda o‘qigan stipendiatlarni O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoya jihatidan qo‘llab-quvvatlash;
-O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi ijobiy imijini oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentyabrdan amaliy jarayonlar boshlanadi
Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab quyidagi aniq choralar ko‘riladi:
-Strategik korxonalar va tarmoqlar ehtiyojlariga asoslangan holda maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi;
-Stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan belgilanadi;
-Nomzodlarga xorijiy tilni o‘rganishlari uchun zarur sharoitlar yaratiladi va amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining qayta tashkil etilishi — ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini strategik darajada rivojlantirishga qaratilgan muhim islohotdir. Bu tashabbus iqtidorli yoshlarning xorijda bilim olishi va ularning yurt rivoji yo‘lida xizmat qilishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
