“O‘qishni tashlamoqchi ham bo‘lganman”: urgutlik maktab o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

“O‘qishni tashlamoqchi ham bo‘lganman”: urgutlik maktab o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Samarqand viloyati Urgut tumani 14-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Berdiyev Shohnur Anvar o‘g‘li bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U kimyo va biologiya fanlaridan A, tarixdan B, matematika C+ hamda o‘zbek tili va adabiyot fanidan C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

O‘quvchi kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

1 yil-u 3 oyda natija: sertifikatlar orqali talabalikka yo‘l

 

Shohnur Urgut tumanining eng chekka qishlog‘ida (chegara oldi) tugʻilgan bo‘lib, 2024-yil oktyabr oyida sertifikat olishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Samarqand shahriga kelgan. Umumiy hisobda barcha fanlar bo‘yicha tayyorgarlik jarayoni 1 yil 3 oy davom etgan.

 

“Kimyodan 1 yil, biologiya 7 oy, tarix, ona tili va matematikadan tayyorlanmasdan maktabdagi bilimim bilan olganman. Jami hammasiga 1 yil-u 3 oy vaqt ketgan. Asosiy fanlarim uchun repetitorga borganman, majburiy fanlarim uchun esa internet tarmoqlari orqali mustaqil tayyorlandim”, – deydi u.

 

“Qattiq emas, samarali ishlayman”

 

O‘quvchi tayyorgarlik jarayonida uning asosiy shiori samarali ishlashga qaratilganini bildirdi:

 

Eng samarali usulim — bu doimo o‘ziga ishonch bo‘lishi kerak. Shiorim ‘don’t hard working, smart working’, ya’ni qattiq emas, samarali mehnat qilaman.”

 

Uning fikricha, uzoq vaqt davomida ortiqcha zo‘riqishdan ko‘ra, to‘g‘ri metod va fokus bilan ishlash yuqori natijaga olib keladi.

 

Shuningdek, u barcha sertifikatlarni birinchi urinishda qo‘lga kiritgan. Uning ta’kidlashicha, imtihon savollari murakkablik darajasi yuqori bo‘lmagan.

 

“Savollar doim oson bo‘lgan, shu sababdan hamma sertifikatlarimni bir urinishda olganman”.

 

“Maktabni joyiga qo‘yib, samarali vaqtni tanlaganman”

 

“Time management” masalasida Shohnur maktab darslarini e’tibordan chetda qoldirmagan, ammo qo‘shimcha darslarga ortiqcha vaqt ajratmagan.

 

“Maktab darslarimni doim joyiga qo‘yib bajarganman, qo‘shimcha darslarni kam qilardim, lekin samarali vaqtda samarali metod bilan.”

 

Jumladan, vaqt yetishmovchiligi sababli uyquni kamaytirishga majbur bo‘lganini aytadi.

 

“To‘g‘risi uyquni kamaytirmaslikni maslahat beraman hammaga, lekin mening vaqtim ozligi va tezroq natija kerakligi uchun uyquni kamaytirganman. Odatda 4–5 soat uxlayman”.

 

“O‘qishni tashlab yubormoqchi ham bo‘lganman”

 

Bundan tashqari, Shohnur tayyorgarlik jarayonida psixologik bosimlar ham bo‘lganini yashirmaydi. Hatto bir paytlar o‘qishni tashlab yuborish haqida o‘ylaganini ham aytadi.

 

“Men uchun – eng muhimi psixologik tayyorgarlik. Men hattoki o‘qishni tashlab yubormoqchi ham bo‘lganman, lekin menga dadam doimo motivatsiya berib kelgan”.

 

“Bir savolga ikki marta urinmayman”

 

Test topshirish jarayonida o‘quvchi o‘ziga xos strategiyadan foydalangan. U vaqtni tejash va xatolarni kamaytirish uchun maxsus usulni qo‘llagan.

 

“Men 1 ta savolga hech qachon 2 marta urinmayman. Yoki 1 marta ishlab o‘tib ketaman, yoki vaqtim ortsagina qaytib ishlayman.”

 

“Telefon — eng zo‘r yordamchi”

 

Ko‘pchilik uchun telefon chalg‘ituvchi omil bo‘lsa, Shohnur uni faqat bilim olish maqsadida foydalangan.

 

“Agar intizom bilan qilinsa telefon eng zo‘r yordamchi. Men ijtimoiy tarmoqlardagi keraksiz do‘stlar va keraksiz kanallardan voz kechganman. Hattoki Instagram reels dan ham bilim olganman, hozirgacha reels’lar orasidan faqat darslar chiqadi”, – ta’kidlaydi o‘quvchi.

 

“O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang”

 

Shohnurning fikricha, muvaffaqiyatga erishishda eng muhim omillardan biri — o‘ziga ishonch va boshqalar bilan solishtirmaslik.

 

“Maslahatim milliy sertifikatlarga qo‘rqmasdan topshiraverish kerak. Chunki uddalasa bo‘ladigan narsa va hech qachon boshqalar bilan o‘zini solishtirmaslik kerak. Sertifikatni kimdur oldinroq oladi, kimdur esa keyinroq”.

 

“Iqtidorli o‘quvchilar ko‘p, lekin e’tibor kam”

 

Bo‘lg‘usi talaba ta’lim tizimi bo‘yicha fikr bildirar ekan, maktablarda iqtidorli o‘quvchilar ko‘pligi ammo ularga yetarli e’tibor qaratilmayotganini bildirdi.

 

“Maktablarda iqtidorli o‘quvchilar juda ko‘p lekin e’tibor kam. Maktablarda mas’ul shaxs tayinlanish kerak va u har bir sinfdagi iqtidori bor bolani nazoratga olib ko‘proq imkoniyatlar yaratib berish kerak. Balki bunaqa lavozim bordur lekin bizni chekka maktablarda bu ishlamaydi. Qanchadan qancha bilimi kuchli bolalar qora mehnat ortidan ketishdi, hech kim qo‘llab-quvvatlamadi”, – deydi u.

 

“Endi IELTS, SAT va A level uchun tayyorlanyapman”

 

Shohnur Berdiyev erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Hozirda u xalqaro sertifikatlarga tayyorgarlikni boshlagan.

 

“Hozirda IELTS, SAT, A level va AP sertifikatlari uchun harakat qilyapman va nasib qilsa yaqinda qo‘lga kiritaman.”

 

Bundan tashqari, u kelajakda Start-up loyihalar ustida ishlash g‘oyalarini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

 

Shohnurni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Xorazmda 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.