Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 14 yoshli maktab o’quvchisi avtohalokat sodir etdi. Natijada ikki do‘sti voqea joyida vafot etdi. Bu haqda “Hudud” dasturida xabar berildi.
Xabar qilinishicha, 19-aprel kuni Qarshi tumani “Qozikent” mahallasida 14 yoshli bola otasining avtomashinasini ruxsatsiz boshqargan va avtohalokatga uchragan — mashinada bo‘lgan 2 do‘sti voqea joyida halok bo‘lgan.
Avtomashinada jami 5 kishi bo‘lgan. 2011-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi mashinani yuqori tezlikda haydab, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga urilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
