Famonga ko‘ra, akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘ladi.
Akademiyaning asosiy vazifalari:
– islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
– ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
– vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
– diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
– talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
– mamlakatda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
Akademiyaga qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi. Akademiya talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilashi va uzaytirishi mumkin.
Shuningdek, yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish, o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish huquqi berildi.
