“Xaritalarda aniqlik va mantiqiylik yetishmaydi” — geografiya fani oʻqituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi

“Xaritalarda aniqlik va mantiqiylik yetishmaydi” — geografiya fani oʻqituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi

Bir guruh geografiya fani oʻqituvchilari 15-aprelda oʻtkazilgan attestatsiya imtihonida tushgan savollardan norozi boʻlib, Talimxabarlari.uzʼga murojaat qildi. Turli hududlardan tahririyatga yozgan pedagoglar bu yilgi savollar juda murakkab boʻlganini, testlar va rasmlarning sifati pastligi, shuningdek, baʼzi savollarga toʻgʻri javob birdan ortiq, ayrimlarida esa umuman toʻgʻri javob yoʻqligini maʼlum qilishgan.

 

 

«2025-yil 15-aprel kuni boshlangan attestatsiya imtihonlari, xususan, geografiya fanidan olingan natijalardan deyarli barcha oʻqituvchilar norozi. Natijalar achinarli holatda – deyarli 99% pedagoglar kerakli ballni toʻplay olishmagan. Bu vaziyatning sababi, albatta, faqatgina oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlamasligida emas. Bir nechta jiddiy omillar mavjud:

 

– Test savollarida koʻplab xatoliklar mavjud;

– Ayrim savollarda ikkita toʻgʻri javob koʻrsatilgan;

– Chizmalar sifat jihatidan past, tushunarsiz;

– Xaritalarda aniqlik va mantiqiylik yetishmaydi.

 

Mazkur attestatsiya imtihoni natijalari oʻqituvchilarning nafaqat malaka darajasi, balki moddiy ragʻbatlantirish – jumladan, vazir jamgʻarmasi ustamasi, 70 foizlik ustama (hatto xalqaro akkreditatsiya hali oʻtkazilmagan boʻlsada), “Yil oʻqituvchisi” tanlovi va boshqa imkoniyatlar bilan chambarchas bogʻlab qoʻyilgan.

Natijada, bu testlar asosan malaka toifasi uchun imtihon topshirgan oʻqituvchilarga katta bosim sifatida taʼsir koʻrsatmoqda. Ular orasida tajribali, mehnatkash, kasbiga mehr qoʻygan pedagoglar talaygina. Ular uchun bu darajadagi savollar va imtihon tizimi adolatli deb boʻlmaydi.

Bugun biz oʻqituvchi maqomini yuksaltirish, ularning bilimi va fidoyiligini qadrlash haqida koʻp gapiramiz. Ammo amalda ularni sindirishga emas, koʻtarishga xizmat qiladigan adolatli va sifatli tizim zarur. Attestatsiya imtihonlari shaffof, aniq, xatolardan xoli, pedagoglarning real bilim va tajribasini baholay oladigan professional tizim asosida tashkil etilsin. Savollar sifat jihatdan tekshirilsin, har bir noaniqlik uchun masʼuliyat belgilansin», — deydi xorazmlik geografiya fani oʻqituvchisi Kurambayev Shokir

 

 

Fargʻona viloyatidan murojaat qilgan yana bir oʻqituvchi imtihondan kerakli ballni toʻplay olmaganini, berilgan savollarda esa chizmalar xira ekanligi va ayrim savollarda birdan ortiq toʻgʻri javob keltirilganini aytgan.

 

«15-aprel kuni oʻtkazilgan attestatsiyada geografiya fani oʻqituvchilarining deyarli 99% i kerakli ballni toʻplay olmagan (yiqilgan!). Hatto 90 balldan yuqori natija qayd qilib yurganlar 60 ball ham ololmagan. Sabab nima? Ular oʻz ustida ishlamay qoʻydimi?

 

Bunga esa necha omillar bor:

 

– savollarda xatoliklar koʻp;

– 2 dan ortiq toʻgʻri javoblar bor;

– chizmalar xira, sifati past;

– xaritada muammo bor», deydi geografiya fani oʻqituvchisi Abduqodir ibn Muhammad.

 

 

Shuningdek, yana bir qancha oʻqituvchilar attestatsiyaga tushgan savollarning murakkablik darajasi va vaqt mutanosibligi yoʻqligi, shuningdek, savollar koʻrinmas darajada sifati past ekanligidan shikoyat qilgan. Bundan tashqari, kelib tushgan murojaatlarda savollarda chalkashlik borligini, shuningdek, ayrim savollar uchun toʻgʻri javob berilmaganligini taʼkidlab oʻtilgan.

 

15-aprel kuni butun respublika boʻyicha geografiya fani oʻqituvchilari uchun tashkil etilgan attestatsiya ishtirok etgan biror bir oʻqituvchi ijobiy natijaga erisha olmadi. Bu holat faqatgina individual bilim va tayyorgarlik darajasiga bogʻliq emasligini, balki test materiallarining sifatiga oid muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.

 

Quyidagi holatlar bizni chuqur tashvishga solmoqda:

 

1. Test savollarining mazmuni va shakli: Mutaxassislik fanidan berilgan savollar koʻp hollarda mavhum, chalkash, turlicha talqin qilinadigan boʻlib, aniq va tushunarli javob variantlariga ega emas edi.

2. Pedagogika fanidan test savollari: Juda uzun va murakkab tuzilgan boʻlib, matnlar mantiqiy jihatdan tushunarsiz, chalkash ifodalangan.

3. Vizuallashtirishdagi texnik xatoliklar: Mutaxassislikka oid ayrim testlarda, xususan Venn diagrammasi, xaritalar, raqamlar va belgilar juda kichik, xira va aniqlikdan yiroq koʻrinishda taqdim etilgan. Bu esa savolning mohiyatini toʻgʻri anglashga jiddiy toʻsqinlik qildi.

 

Biz, geografiya fani oʻqituvchilari sifatli taʼlim berishga, zamonaviy yondashuvlarga asoslangan darslarni oʻtkazishga harakat qilayotgan boʻlsakda, bunday adolatsiz va texnik jihatdan pishiq tayyorlanmagan test sinovlari bizning kasbiy faoliyatimizga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu sababli biz, butun respublika boʻylab faoliyat yuritayotgan geografiya oʻqituvchilari nomidan quyidagilarni soʻraymiz:

 

– Attestatsiya testlari sifatini qayta koʻrib chiqish, aniq, loʻnda va mantiqiy tuzilgan savollar asosida tayyorlash;

– vizual materiallarning sifatiga jiddiy eʼtibor berish;

– test sinovlarida adolat va shaffoflikni taʼminlash;

 

Ushbu holat boʻyicha xizmat tekshiruvini oʻtkazish hamda javobgar tashkilot yoki mutasaddilarning izoh berishini taʼminlashi kerak», deydi yana bir geografiya fani oʻqituvchisi Zulfiyaxon Samadova

 

 

Ushbu vaziyatga nisbatan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Radjabov rasmiy munosabatni bildirib, imtihondan norozi boʻlgan oʻqituvchilar yozma ariza berishi yoki apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtdi. Sardor Rajabovning soʻzlariga koʻra, apellyatsiya komissiyasi har bir murojaatni alohida koʻrib chiqadi va u boʻyicha pedagoglarga rasmiy maʼlumot berib oʻtadi.

 

 

Eslatma! Malaka toifasi test sinovlarida ishtirok etgan pedagoglar pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali onlayn shaklda apellyatsiya yuborishi mumkin.