Yana bir kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 337 mln soʻm mablagʻ undirib berildi

Yana bir kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 337 mln soʻm mablagʻ undirib berildi

Avvalroq  kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 70 million soʻm zarar hamda tovon pullari undirib berilgani haqida xabar bergandik. Bu safar kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 337 mln soʻm mablagʻ undirilib berildi.

 

 

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi maktablaridan birida oʻqituvchi boʻlib ishlovchi fuqaro 2024-yilda kasb kasalligiga chalinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar Sergeli tuman Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK)ning 2024-yil 2-apreldagi № 476588-sonli maʼlumotnomasiga asoslanib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga murojaat qilgan.

 

 

Sud taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, pedagog xodimning kasb kasalligi boʻyicha nogironlik guruhi uchinchi, kasbiy mehnat layoqati yoʻqotilganligi darajasi 40 foiz, kasbiy mehnat layoqati yoʻqotilganligi darajasi 2025-yil 30-aprelgacha, qayta koʻrikdan oʻtish sanasi esa 2025-yil 2-aprel deb belgilangan. Biroq unga kasb kasalligi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan tovon pullari toʻlanmay kelgan.

 

 

Murojaat Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, 2024-yil aprel oyidan buyon oʻqituvchining oʻrtacha oylik ish haqining 40 foizi miqdoridagi kasb kasalligi tufayli sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonni qoplash uchun oylik toʻlovlar 2025-yilning yanvar oyiga qadar toʻlanmaganligi, yanvar oyidan esa notoʻgʻri hisob-kitob qilingan holda toʻlanayotganligi hamda bir yoʻla toʻlanadigan bir martalik tovon pullari Sergeli tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan amalga oshirilmaganligi aniqlandi.

 

 

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (MK) 321-moddasida “Ish beruvchi xodimning mehnatda mayib boʻlishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonnning oʻrnini qoplashi shart.” deb, 324-moddasida «Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yoʻqotilgan ish haqining oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik toʻlovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib boʻlguniga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yoʻqotilishi darajasiga muvofiq boʻlgan foizli nisbatda belgilanadi.

 

 

Kasbiy mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi.» deb, 323-moddasida “Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak.” deb, belgilangan.

 

 

Yuqoridagi qonun talabidan kelib chiqib, Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 2024-yil 5-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 534-540-moddalari, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga asosan ish beruvchiga tegishli Koʻrsatma kiritilgan.

 

 

Biroq ish beruvchi tomonidan koʻrsatma talablari oʻz vaqtida bajarilmagan. Shundan soʻng Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan xodimning manfaatini koʻzlab Toshkent shahar fuqarolik ishlari boʻyicha Sergeli tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilgan.

 

 

Natijada esa, 2025-yil 25-mart kuni boʻlib oʻtgan sud hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvo qisman qanoatlantirildi. Unga koʻra daʼvogar oʻqituvchiga javobgar Sergeli tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimidan 19 mln 275 ming 204 soʻm zarar, 48 mln 188 ming 011 soʻm biryoʻla toʻlanadigan nafaqa, toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun esa 268 mln 706 ming 187 soʻm kompensatsiya, 1 mln soʻm maʼnaviy zarar hamda 37 ming 500 soʻm pochta xarajatlari undirib berilgan.

 

 

Umumiy hisobda kasb kasalligiga chalinib, mehnat huquqlari buzilgan oʻqituvchiga 337 mln 206 ming 902 soʻm mablagʻ undirib berilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish