Tramp AQSH taʼlim vazirligini tugatmoqchi

Tramp AQSH taʼlim vazirligini tugatmoqchi

Prezident Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida mamlakatdagi taʼlim va AQSH taʼlim vazirligini dunyodagi eng yomon, deya taʼrifladi.

 

U taʼlim vazirligini tugatish niyatini shunday izohladi.

 

“Biz maktablarni shtatlar (hukumatlari boshqaruvi)ga qaytarishni istaymiz. Chunki tom maʼnoda dunyodagi eng yomon taʼlim va taʼlim vazirligi bizda”, — dedi Tramp.

 

Prezidentning fikricha, shtatlar maktablarni boshqarishda dunyodagi eng yaxshi taʼlim vazirliklaridan qolishmaydi.

 

Donald Tramp birinchi prezidentlik davrida taʼlim va mehnat vazirliklarini qoʻshib yuborishni taklif qilgan, biroq Kongress qarshi chiqqandi.

 

Tramp saylovoldi kampaniyasida bu vazirlikni tugatishga vaʼda bergandi, uning fikricha, taʼlim vazirligi — yana bitta byurokratiya, uning vazifasini shtatlar doirasidagi departamentlar bajara oladi.

 

Olimlar Trampga qarshi norozilik namoyishi oʻtkazdi

 

Juma kuni AQSHning Nyu-York, San-Fransisko va boshqa shaharlarida minglab olimlar ilmiy tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablagʻlarning kamaytirilishi, ish oʻrinlarining qisqartirilishi va qattiq iqtisodiy tejamkorlik siyosatiga qarshi norozilik namoyishlarida ishtirok etishdi. Parij va boshqa Yevropa shaxarlarida ham amerikalik olimlarni qoʻllab-quvvatlovchi aksiyalar oʻtkazildi.

 

Namoyishchilarning qoʻllaridagi plakatlarda “Ilm-fanga qoʻllab-quvvatlov”, “Tramp va Mask — navbatdagi ekologik falokat”, “Ilm-fan tahdid ostida” kabi shiorlar aks etdi. Soʻnggi oylarda Ilon Mask va uning Hukumat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) tejamkorlik siyosati doirasida byudjet sohasida keng koʻlamli qisqartirishlarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari Tramp tarafdorlarining ayrimlari tibbiyot va vaksinalarga oid ilmiy faktlarga shubha bilan qarashmoqda.

 

AQSH hukumati, shuningdek, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti uchun ajratilgan 370 million dollarlik moliyalashtirishni bekor qildi. Hukumat universitet rahbariyatini oʻtgan yili oliygoh kampusi hududida oʻtkazilgan Falastinni qoʻllab-quvvatlash namoyishlari vaqtida yahudiy talabalarni taʼqib va tahdidlardan yetarlicha himoya qilmaganlikda aybladi.