Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-fevraldagi 32-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.
2025-yil 1-mart sanasidan boshlab takomillashtirilgan tartib asosida ommalashtirish.uz platformasi orqali metodik ishlarni qabul qilish jarayonlari boshlandi.
Yangi tartib bo‘yicha ommalashtirish jarayoni qay tartibda amalga oshiriladi?
Endilikda ommalashtirish uchun tavsiya etilgan ilg‘or ish tajribalar metodik qo‘llanma yoki metodik tavsiya ko‘rinishda bo‘lishi kerak. Metodik qo‘llanma yoki metodik tavsiya ko‘rinishida bo‘lmagan hamda o‘tgan yillar davomida ommalashtirilgan metodik ishlar o‘rganilmaydi.
Metodik ishlar quyidagi bosqichlarda ommalashtiriladi:
– maktab miqyosida;
– tuman (shahar) miqyosida;
– viloyat miqyosida;
– respublika miqyosida.
Maktab miqyosida ommalashtirishning tartibi qanday?
Umumta’lim muassasasining fan o‘qituvchisi tomonidan ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan metodik ish yo‘nalishlar bo‘yicha maktabning Metodbirlashmasi tomonidan muhokama qilinadi hamda ilg‘or ish tajribaga ega deb topilgan taqdirda maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etiladi.
Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengashda talabgorning metodik ishi mazkur buyruq bilan tasdiqlangan metodik ishga qo‘yilgan talablar hamda baholash mezoniga muvofiq ishlab chiqilganligi o‘rganib chiqiladi hamda maktab miqyosida ommalashtirish yoki ommalashtirmaslik bo‘yicha Pedagogik kengash qaror qabul qiladi.
Agar talabgorning metodik ishiga ijobiy xulosa berilib, ommalashtirishga loyiq deb hisoblansa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichlarga yuboriladi.
Bunda, quyidagi hujjatlar talabgor tomonidan ommalashtirish.uz platformasiga joylashtiriladi:
– metodik ishiga ijobiy xulosa berilib, ta’lim muassasasi miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risida Pedagogik kengash qarorining elektron (pdf) nusxasi;
– ommalashtirish uchun tavsiya etiladigan metodik ish (metodik qo‘llanma yoki metodik tavsiya)ning elektron (pdf) nusxasi;
– o‘zi to‘g‘risida ma’lumotnoma (obyektivka) va mutaxassisligi bo‘yicha diplom nusxasi.
Tuman (shahar) va viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish tartibi quyidagicha:
Ommalashtirish.uz platformasi orqali yuborilgan metodik ish Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limining tegishli fanlar bo‘yicha O‘quv metodik kengashi tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Talabgorning metodik ishi maksimal 80 ball bilan baholanadi. Talabgor tomonidan tayyorlangan metodik ish mazkur buyruq bilan tasdiqlangan metodik ishga qo‘yilgan talablar hamda baholash mezoniga muvofiq baholanadi.
Bunda, 50-65 ball bilan baholangan metodik ishlar tuman (shahar) miqyosida, 66-80 ball bilan baholangan metodik ishlar viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilgan deb hisoblanadi va sertifikat olish uchun ommalashtirish.uz platformasi orqali Respublika ta’lim markaziga yuboriladi.
Shundan 75-80 ball bilan baholangan metodik ish respublika miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etiladi. Qoraqalpoq tilidagi metodik ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganib chiqilib, O‘quv metodik kengash qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markaziga ommalashtirish uchun tavsiya etiladi.
Bosqichlar uchun talab etiladigan ballarni to‘play olmagan talabgorlarning metodik ishi asoslantirilib, ommalashtirish.uz platformasiga joylashtiriladi.
Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish to‘g‘risida Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limining O‘quv metodik kengashi qarori har yili 15-mayga qadar ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilishi lozim. O‘quv metodik kengash qaroridan norozi bo‘lgan talabgorlar uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin.
Qaror qabul qilishda quyidagi xulosalardan foydalanish mumkin:
1. “Talabgornig metodik ishi maktab miqyosida ommalashtirilganligi inobatga olinsin va qayta takomillashtirish uchun talabgorga yuborilsin”.
2. “Talabgornig metodik ishi tuman (shahar) miqyosida ommalashtirilsin”; “Talabgornig metodik ishi viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilsin”.
3. “Talabgornig metodik ishi viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilib, respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etilsin”.
Ommalashtirish.uz platformasi orqali tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish uchun yuborilgan ishlar Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limining O‘quv metodik kengash qaroriga muvofiq Respublika ta’lim markazi tomonidan sertifikat beriladi.
Respublika miqyosida ommalashtirish tartibi quyidagicha:
Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limining tavsiyasi asosida respublika miqyosida ommalashtirish uchun yuborilgan metodik ishlar Respublika ta’lim markazining Ilmiy-metodik kengashida o‘rganiladi. Bunda, talabgor tomonidan metodik ishi yuzasidan taqdimot qilinib, maksimal 20 ball bilan baholanadi.
Taqdimot uchun baholash mezoni Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilib, respublika bosqichi boshlanishidan bir oy oldin ommalashtirish.uz platformasiga joylashtiriladi. Respublika bosqichida umumiy 86-100 ball bilan baholangan metodik ish Ilmiy-metodik kengash tomonidan respublika miqyosida ommalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Respublika miqyosida ommalashtirish to‘g‘risida Respublika ta’lim markazining Ilmiy-metodik kengash qarori har yili 30-mayga qadar ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilishi lozim. Ilmiy-metodik kengash qaroridan norozi bo‘lgan talabgorlar uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Ommalashtirish bo‘yicha berilgan sertifikatlar qancha muddatga amal qiladi?
Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va respublika miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risidagi sertifikat berilgan kundan boshlab uch yilga qadar amal qiladi.
Maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ish uchun sertifikat berilmaydi va maktab miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risida Pedagogik kengash qarori asos hisoblanib, uch yilga amal qiladi.
Sertifikatlar faqat Respublika ta’lim markazi tomonidan beriladi hamda ommalashtirish.uz platformasi orqali talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Eslatma! Ariza topshiruvchilar ommalashtirish.uz mobil ilovalari orqali ham metodik materiallarni yuborishi mumkin.
Google Play: Yuklash
App Store: Yuklash
