Bir necha kun oldin Sirdaryo tumanidagi 1-maktabda fuqaro G.X. dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirib, o‘qituvchini haqorat qilib, unga qo‘l ko‘targani aks etgan video jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo’lgan edi.
Sud fuqaro G.X.ning umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi yuzasidan hukm chiqargan. Fuqaro G.X. ayni vaqtda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Shuningdek, xalqtaliminfo.uz xabar qilishicha, tahririyatning “Stressiz ta’lim” loyihasi doirasida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanidagi 1-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Tashaliyeva Shahnozaxon ustozga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.
Xususan, ushbu ustozimizga “Stressiz ta’lim” loyihasi eksperti Akobr Abdullayev psixolog sifatida biriktirilgan. Endilikda o‘qituvchining xohishiga ko‘ra, psixolog-ekspert ushbu ustozga bepul ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatadi.
Eng asosiysi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining maxsus qaroriga ko‘ra, fuqarodan jabr ko‘rgan o‘qituvchiga sog‘ligini tiklab olishi uchun sanatoriyaga bepul yo‘llanma beriladigan bo‘ldi.
