14-fevral kuni “Oʻzbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Yangi hayot” aerodromida kosmik texnologiyalar va muhandislikka ishtiyoqi baland 250 nafar oʻquvchi va talabalar oʻzlari yasagan mini sunʼiy yoʻldoshlarning sinov parvozini amalga oshirdi. Voqea haqida Daryo.uz nashri xabar bermoqda.
Sunʼiy yoʻldosh nusxalari 1000-1500 metr balandlikka dronlar yordamida uchiriladi hamda havo harorati, balandlik va bosim nazorati kabi maʼlumotlarni qayd etadi.
— CanSat yasash uchun ikki oy vaqt sarflandi. Bizning CanSat bosim, harorat, joylashuv va boshqa parametrlarni qayd etadi va suratga oladi. Suratlarni oʻzi bilan fleshkada olib tushadi. Bu 1000 metrdan ortiq balandlikka uchirilgan ilk parvoz. Avval universitet binosida turli balandliklarda sinab koʻrganmiz. Keyingi bosqichlarda CanSatni raketa yordamida parvozini amalga oshirmoqchimiz, deydi mini sunʼiy yoʻldoshi muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgan ishtirokchi, Toshkent axborot texnologiyalari talabasi Zuhriddin Hamidjonov.
Maʼlumot uchun, CanSat bu kichik konserva idishi hajmidagi mini sunʼiy yoʻldosh boʻlib, ilk bor bu loyiha 1990-yili AQSHda NASA va Amerika universitetlari hamkorligida tashkil etilib, yoshlarning kosmik missiyalarda ishtirok etish koʻnikmasini oshirishga qaratilgan. Bugunga kelib esa CanSat uchirish musobaqalari Rossiya, Xitoy, Angliya, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi koʻplab davlatlarda muntazam oʻtkazilmoqda.
— Bugun Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda “Sehriyo” maktabidan 250 talaba va oʻquvchi toʻplangan. Ular oʻzi yasagan kichik tipdagi sunʼiy yoʻldoshlarning uchishini sinov tariqasida amalga oshiradi.
Bu loyiha ilk bor oʻtkazilganda ikkita guruh qatnashgandi, hozirda guruhlar soni 13 taga yetdi — bir guruhda 13 ta ishtirokchi boʻladi. Avval sunʼiy yoʻldosh nusxalari 500 metr balandlikka uchirilgan boʻlsa, bugunga kelib ular 1 km ga koʻtariladi. Ilk parvozda mini sunʼiy yoʻldoshlar signal va balandlikni tekshirgandi, endi esa bosim, harorat va radiatsiyani tekshiribgina qolmay, suratga olish jarayonini ham amalga oshiradi.
CanSat dasturining final bosqichi shu yilning aprel oyida Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni doirasida keng miqyosida oʻtkaziladi. Gʻoliblar bilan har yili yoz oylarida oʻtkaziladigan Butunjahon CanSat loyihasi uchun tayyorgarlik jarayonlarini boshlaymiz. Avval respublika boʻylab oʻtkazib, soʻng gʻolib guruh bilan 2026-2027-yillarda xalqaro musobaqaga yoʻl olamiz”, deydi “Oʻzbekkosmos” agentligi boʻlim boshligʻi Humoyun Rahmonov.
Ochiq uchish zonasida maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan pnevma-gidro raketalarni uchirish boʻyicha ham tanlov oʻtkazildi. Tadbir soʻngida har bir guruh uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
