2024-2025-o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv-pedagogik hujjatlar elektron shaklda yuritilishi bo’yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri buyrug’i qabul qilindi. Unga ko’ra quyidagi o’quv-pedagogik hujjatlar elektron tarzda yuritiladi:
– pedagogik kengash bayonnomalari;
– o‘quvchilar harakatiga oid buyruqlar;
– elektron sinf jurnali;
– o‘quvchining elektron baholar tabeli;
– qoldirilgan va o‘rni to‘ldirilgan darslarni hisobga olish reyestri;
– maktab bitiruvchilarga berilgan shahodatnomaning hisobot reyestri.
Pedagogik kengash bayonnomalari, o‘quvchilar harakatiga oid buyruqlar, qoldirilgan va o‘rni to‘ldirilgan darslarni hisobga olish reyestri, maktab bitiruvchilarga berilgan shahodatnomaning hisobot reyestri va elektron sinf jurnali qat‘iy hisobda turuvchi hujjatlar hisoblanadi.
Maktab hujjatlarining to‘g‘ri yuritilishi va saqlanishi bo‘yicha javobgarlik maktab direktori zimmasiga yuklatiladi. Shuningdek, direktorning buyrug‘i bilan maktab hujjatlarini bevosita yuritish uchun mas’ul shaxslar tayinlanadi.
Eslatma! Maktab direktori o‘zgarganda dalolatnoma asosida maktab hujjatlari yangi tayinlangan direktor (yoki vaqtincha vazifasini bajaruvchi)ga topshiriladi.
Maktab faoliyati tugatilganda yoki qayta tashkil etilganda maktab hujjatlari tegishli davlat arxiviga yoki muassasaning huquqiy vorisiga dalolatnoma asosida topshiriladi.