Bugun, 13-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi o’tkazilmoqda.
Yig’ilishda Prezident bu yil ijtimoiy himoya boʻyicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qoʻshimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Ma’lum qilinishicha, Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambagʻal oiladagi va nogironligi boʻlgan 4 ming 200 nafar bolaga bogʻcha taʼlimi berilgan. Viloyat hokimlariga oʻzidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaga 2025-yilda kambagʻallik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bogʻcha faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Shuningdek, yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarini 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinib, bogʻcha toʻlovi qisman qoplab berilishi qayd etildi.