Akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga, qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bo‘lgan, erkak jinsidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yaroqli deb topilgan, bo‘yi 170 sm dan past bo‘lmagan hamda belgilangan tartibda tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan quyidagi yosh chegaralaridagi nomzodlar qabul qilinadi:
– o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari;
– o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega rezervdagi harbiy xizmatga majburlar;
– o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli va kontrakt asosida harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;
– yigirma olti yoshgacha bo‘lgan va Akademiyada bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan respublika oliy ta’lim muassasalarining 1- va 2-kurs (qabul yilida) talabalari. Bunda, saralab olishning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Akademiyada o‘qishni birinchi kursdan boshlaydi.
Akademiyada o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va belgilangan maxsus talablariga asosan shaxsiy va ishchanlik qobiliyatlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha maxsus tadbirlar DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli bo‘linmalari tomonidan DXX hamda PDXXning alohida ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademiyaga o‘qishga tanlov boshlanganligi to‘g‘risida qabul yilidan oldingi yilning 10-oktabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon beriladi.
Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar qabul yilidan oldingi yilning 10-noyabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan belgilangan namunadagi elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘ldiradilar. Elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirgan nomzodlarga anketa-so‘rovnomalar qabul qilinganligi yuzasidan 3 kun ichida elektron tarzda xabar yuboriladi va ular o‘qishga nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
O‘qishga qabul qilish necha bosqichdan iborat?
– dastlabki saralab olish;
– maxsus kasbiy tanlash;
– test sinovlari.
Dastlabki saralab olish bosqichida nomzodlarning umumta’lim darajasidagi bilimlari, ma’naviy-axloqiy sifatlari, individual psixologik, psixofiziologik xususiyatlari, sog‘lig‘i va jismoniy tayyorgarligi, harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob bera olish qobiliyati, g‘oyaviy-ruhiy barqarorligi hamda intellektual salohiyati aniqlanadi.
Bu bosqich nomzodlarning yashash, o‘qish, xizmat joyi bo‘yicha DXX bo‘linma va organlari, PDXXning tegishli organlari hamda Akademiya mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi.
Dastlabki saralab olish bosqichida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
– dastlabki saralab olish test sinovlari;
– hujjatlarni to‘plash va dastlabki o‘rganish;
– individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish;
– dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
– jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning dastlabki bosqichi.
Eslatma! Dastlabki saralab olish test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentlig va uning hududiy bo‘limlari tomonidan DXX bilan tuzilgan shartnoma asosida nomzodning ona tili, O‘zbekiston tarixi, matematika hamda chet tili fanlaridan bilim darajasini aniqlash maqsadida qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan 15-dekabrigacha o‘tkaziladi.
Bunda, test sinovlarida ishtirok etish uchun nomzodlardan (to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Test topshiriqlari shakli (fan mazmuni tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yori), baholash mezonlari, test sinovini o‘tkazish muddatlari Davlat test markazi va Akademiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ularning rasmiy veb-saytlariga test sinovlari bo‘lib o‘tishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi.
Test sinovlari natijalari Davlat test markazi tomonidan test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin 5 ish kuni ichida Akademiyaga taqdim etiladi va DXXning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 30% (o‘ttiz foiz) ini to‘plagan nomzodlar saralab olish tadbirlarining keyingi bosqichlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
Hujjatlarni to‘plash va dastlabki o‘rganish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
Nomzodning hujjatlarini to‘plash va dastlabki o‘rganishda DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli organlari tomonidan qabul yilidan oldingi yilning 20-noyabridan 31-dekabrigacha nomzod to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlar tahlil qilinadi (oilaviy ahvoli va boshqalar). Bunda, nomzodlarning ijtimoiy faolligi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari va ishbilarmonlik xususiyatlari suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi hamda harbiy xizmatchi kasbini tanlash bilan bog‘liq sabablarga aniqlik kiritiladi.
Nomzodlarning ijtimoiy faolligi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini va ishbilarmonlik xususiyatlarini aniqlash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
– nomzodlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushunishi, davlatni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish asoslarini bilishi, shuningdek, fuqarolik huquq va majburiyatlarini anglashi;
– yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan qat’iyat bilan kurashish zarurligini anglashi;
– burch va mas’uliyatni his etishi, qat’iyatlilik, tashabbuskorlik, mehnatsevarlik va halollik kabi fazilatlarga egaligi;
– jamoaning ijtimoiy hayotida faol qatnashishi;
– zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalana olishi va yetarli bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;
– nomzodning xizmat (mehnat) faoliyatida, ilgari o‘qigan ta’lim muassasasida erishgan natijalari.
Hujjatlarni to‘plash va dastlabki o‘rganish jarayonida sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va belgilangan maxsus talablar nuqtai nazaridan mos kelmagan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi bosqichlariga qo‘yilmaydi.
Nomzodlarni individual psixologik, psixofiziologik va tibbiy ko’rikdan o’tkazish jarayoni qanday bo’ladi?
Nomzodlarni individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish DXX tomonidan ishlab chiqilgan metodikaga muvofiq qabul yilidan oldingi yilning 15 — 31-dekabr kunlari DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli organlari mutaxassis-psixologlaridan tashkil topgan psixologlar guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
Nomzodlarni dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi
nizomga muvofiq, nomzodlar sog‘lig‘ining harbiy xizmatga yaroqliligini tekshirish maqsadida DXXning hududiy harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan qabul yilidan oldingi yilning dekabr oyida amalga oshiriladi.
Dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha nomzodning Akademiyada o‘qishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning dastlabki bosqichi joylarda tegishli mutaxassislar tarkibida tashkil etiladigan Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan qabul yilining yanvar oyida mazkur Nizomga
2-ilovada keltirilgan metodikaga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu bosqichda sport ustasi unvoni yoki sport ustasiga nomzodlik to‘g‘risidagi tegishli hujjatni taqdim etgan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ozod etiladi.
Maxsus kasbiy tanlash bosqichining asosiy maqsadi Akademiyada o‘qishga nomzodlarning sog‘lig‘i, DXX va PDXX harbiy xizmatchisi kasbini egallash sabablari, mustahkam ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatni aniqlashdan iborat.
Bu bosqichda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
– hujjatlarni yakuniy o‘rganish;
– jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichi;
– yakuniy suhbat;
– yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
Dastlabki saralab olish bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga nisbatan hujjatlarni yakuniy o‘rganish DXX va PDXX harbiy xizmatchilariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus talablarni inobatga olgan holda qabul yilining yanvar — aprel oylarida amalga oshiriladi.
Nomzodlarni yakuniy suhbatdan o‘tkazish bosqichi qanday amalga oshiriladi?
DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan yakuniy suhbat o‘tkazish komissiyalari tomonidan nomzodning kasb tanlash sabablari, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, umumiy dunyoqarashi, qiziqishlari, ijtimoiy faolligi, ta’lim muassasasidagi fanlarni o‘zlashtirish darajasini har tomonlama o‘rganish, kelgusida DXX va PDXXning ofitserlik lavozimlarida xizmat faoliyatini davom ettira olishga munosibligini aniqlash hamda kollegial tarzda xulosa chiqarish asosida qabul yilining aprel-may oylarida amalga oshiriladi.
Muhim! Nomzodlarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi
nizomga muvofiq, DXXning markaziy poliklinikasi va hududiy boshqarmalarda tashkil etilgan maxsus harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan qabul yilining iyun oyida amalga oshiriladi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli
qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va Akademiyaga o‘qishga imtiyozli kirish uchun harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovi natijalari bo‘yicha ular to‘plagan ballning
50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining va Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga kirish huquqidan foydalanadi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq:
– “Ilg‘or serjant” nominatsiyasida respublika turining g‘oliblari bo‘lgan serjantlar dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlari topshirmasdan o‘qishga qabul qilinadilar;
– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining serjantlar tarkibi lavozimlarida 5 yil benuqson xizmat qilgan serjantlarga esa ijobiy tavsifnomalar, qo‘mondonlik, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yutuqlari mavjud bo‘lgan taqdirda, Akademiyaga o‘qishga qabul qilishda to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son
qaroriga ko’ra:
– “Temurbeklar maktabi” hamda “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylari bitiruvchilari Akademiyaga o‘qishga kirishda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishidagi imtiyozdan foydalanadi;
– imtiyozli diplom olgan DXX “Temurbeklar maktabi” hamda “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylarining bitiruvchilari Akademiyaga test sinovlarisiz, dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga kirish huquqidan foydalanadi.
5. Prezidentning 2022-yil 16-fevraldagi PQ-129-son
qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida ball shaklida imtiyoz beriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2022-yil 2-martdagi PQ-150-son
qaroridan kelib chiqib, “Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga Akademiyaga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son
qaroriga asosan, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3-o‘rinlarni egallagan shaxslar 3 yil muddat davomida amal qiluvchi ixtisoslik fani bo‘yicha sertifikat asosida Akademiyaga test sinovlarida, imtiyoz sifatida, maksimal ball to‘plagan hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-son
qaroriga muvofiq, Akademiyaga kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun ular dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, qo‘shimcha ravishda bir foizgacha qabul kvotalari ajratiladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son
qaroriga ko’ra, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikatga muvofiq ixtisoslik fani bo‘yicha kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblari, shuningdek, Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va professional ta’lim muassasalarining o‘quvchilari dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda Akademiya qabul komissiyasining qarori bilan Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida test sinovlarisiz qabul qilinadi.
10. Chet tilini bilish darajasi haqidagi xalqaro tan olingan sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida V2) yoki Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 va undan yuqori darajadagi sertifikat taqdim etganlarga chet tili fanidan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball qo‘yiladi hamda ular chet tilidan test sinovlarida ishtirok etmaydi.
Shu bilan birgalikda, milliy sertifikatga ega bo‘lgan nomzodlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda kirish test sinovlarida ushbu umumta’lim fanidan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi hamda ular ushbu fandan test sinovi topshirmaydi.