Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2023-yil 28-oktyabr kuni Zarafshondagi 3-sonli maktabda, bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida tanaffus paytida ro‘y bergan.
“Tartibsizlikni keltirib chiqargan va ishtirok etgan o‘quvchilarning ota-onalariga hamda maktab rahbariyati va mas’ul xodimlari ish faoliyatiga nisbatan huquqiy baho berilishi yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda”,–deyiladi xabarda.
O‘quvchilar orasida yuzaga kelgan tartibsizlik bo‘yicha shahar hokimligi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Ichki ishlar bo‘limi, Milliy gvardiya xodimlari va maktab ma’muriyati tezkor o‘rganish o‘tkazmoqda va o‘quvchilarning ota-onalari bilan yig‘ilish tashkil etilgan.