Nobel jamg‘armasi 2026-yilda har bir Nobel mukofoti kategoriyasi uchun beriladigan pul mukofotini 1 mln Shvetsiya kronasiga oshirdi. Endilikda laureatlarga har bir kategoriya bo‘yicha 12 mln krona beriladi.
Nobel jamg‘armasi Nobel mukofotining 125 yilligi munosabati bilan 2026-yilgi mukofot summasini oshirishga qaror qildi.
Unga ko‘ra, har bir mukofot kategoriyasi bo‘yicha pul mukofoti avvalgi 11 mln kronadan 12 mln kronaga yetkazilgan. Bu qariyb 1,2 mln AQSh dollariga teng.
Nobel jamg‘armasi ijrochi direktori Hanna Styornening ta’kidlashicha, mukofot summasini oshirish orqali uning uzoq muddatli ahamiyatini qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy qiymatini vaqt o‘tishi bilan saqlab qolish maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun, Alfred Nobelning 1895-yildagi vasiyatiga ko‘ra, Nobel mukofoti dastlab besh yo‘nalishda — fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishlarida ta’sis etilgan. Mukofot insoniyatga katta foyda keltirgan ilmiy kashfiyotlar, adabiy asarlar va tinchlik yo‘lidagi xizmatlar uchun beriladi. Keyinchalik, 1968-yilda Shvetsiya Markaziy banki Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofotni ta’sis etgan.
Nobel mukofotlari ilk bor 1901-yilda topshirilgan. Dastlab har bir kategoriya bo‘yicha mukofot summasi 150 782 Shvetsiya kronasini tashkil etgan.
So‘nggi 15 yil davomida mukofot miqdori bir necha bor o‘zgartirilgan. Jumladan, 2012-yilda Nobel jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash dasturi doirasida mukofot 10 mln kronadan 8 mln kronagacha kamaytirilgan. Shundan keyin mukofot summasi uch marta oshirilgan.
2026-yildagi navbatdagi oshirishdan so‘ng Nobel mukofotining pul miqdori 12 mln kronani tashkil etadi. Joriy yilgi Nobel mukofoti laureatlari nomi esa 5–12-oktyabr kunlari e’lon qilinadi.
