Prezidentning 319-son qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uzluksiz kasbiy ta’limning yangi tizimi joriy etiladi. Unga muvofiq, oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit miqdorida malaka oshirishi kerak bo‘ladi.
Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 319-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha uzluksiz kasbiy tibbiy taʼlim (uzluksiz taʼlim) tizimi joriy etiladi:
- uzluksiz taʼlim berish oʻquv dasturlari tegishli akkreditatsiyadan oʻtgan davlat va nodavlat taʼlim hamda tibbiyot tashkilotlari, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlar (uzluksiz taʼlim provayderlari) tomonidan amalga oshiriladi;
- uzluksiz taʼlim olishning anʼanaviy shakllari bilan bir qatorda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bevosita ish jarayoni bilan uygʻunlashgan masofaviy, kechki va boshqa shakllari joriy etiladi;
- uzluksiz taʼlim tizimi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bilim va koʻnikmalarini doimiy oshirib borishga qaratiladi hamda taʼlimning kredit-modul tizimiga asoslanadi;
- oliy maʼlumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga 50 kreditdan, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga 28 kreditdan kam boʻlmagan miqdorda malaka oshirish kurslarini oʻtashi majburiy etib belgilanadi;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uzluksiz taʼlim provayderini, malaka oshirish shakli va dasturlarini erkin tanlash huquqi beriladi.
2026-yil 15 noyabrdan:
- Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi “Tibbiy taʼlimda oʻquv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi” davlat muassasasi faoliyati tugatiladi;
- davlat muassasasi shaklidagi Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi (Markaz) tashkil etiladi;
- Markazning tibbiyot sohasida uzluksiz kasbiy taʼlim boʻyicha mahalliy akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Avvalroq, kelasi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlariga kirishda minimal o‘tish bali maksimal ballning 60 foizi etib belgilanishi haqida xabar berilgandi.
