20 yoshli talaba qiz marafon vaqtida xushini yo‘qotib vafot etdi

20 yoshli talaba qiz marafon vaqtida xushini yo‘qotib vafot etdi

Kolumbiyada yarim marafonda ishtirok etgan 20 yoshli talaba-yuguruvchi musobaqa vaqtida hushidan ketib, shifoxonada vafot etdi.

 

Juliana Avila Saouda 6-sentyabr kuni Medellin shahrida o‘tkazilgan 21 kilometrlik yarim marafonda qatnashgan. Yugurish vaqtida u yiqilib tushgan.

 

Medellin meri Federiko Gutierresning ma’lum qilishicha, sportchining yuragi uch marta to‘xtagan va u reanimatsiya qilingan. Juliana shahar umumiy shifoxonasiga olib borilgan, biroq 7-sentyabr kuni soat 18:30 atrofida vafot etgan.

 

Juliana Avila Saouda 2024-yilda “Anglo Colombian School” maktabini tamomlagan. U Bogotadagi universitetda biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida tahsil olgan.

 

Yosh sportchi avval Bogotadagi “Allianz 15K” hamda Madridda o‘tkazilgan ayollar yugurish musobaqalarida ham ishtirok etgan.

 

Juliananing vafoti munosabati bilan Kolumbiya vitse-prezidenti Xose Manuel Restrepo va uning oila a’zolariga hamdardlik bildirilgan. Medellin shahar kengashi uning xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlagan.

 

Musobaqa davomida yana bir yuguruvchida tutqanoq holati kuzatilgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ahvoli barqarorlashtirilgan.

 

Juliananing o‘limiga sabab bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy sud-tibbiy xulosa e’lon qilinmagan.