Davlat xavfsizlik xizmati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga 2027/2028-o‘quv yili uchun qabul e’lon qilindi. Nomzodlar 5-sentyabrdan 5-oktyabrgacha litseyning rasmiy sayti yoki DXX hududiy boshqarmalari orqali ariza topshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi 2027-2028 o‘quv yili uchun qabul e’lon qildi.
Joriy yilning 5-sentyabridan 5-oktyabriga qadar nomzodlar www.dxxtmhal.uz sayti yoki DXX hududiy boshqarmalari orqali ariza topshirishlari mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Temurbeklar maktabi”ga umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega, sogʻligʻining holatiga koʻra oʻqishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtgan, erkak jinsli Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari oʻqishga qabul qilinadi.
Harbiy-akademik litseyda 5 ta kafedra mavjud. Bular:
- psixologiya va tarbiya;
- ijtimoiy fanlar;
- filologiya fanlari;
- aniq va tabiiy fanlar;
- kasbiy amaliy fanlar.
Litsey ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishga ixtisoslashgan bo‘lib, tarix, ona tili fanlari va xorijiy fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi. Ushbu ta’lim maskanining har bir sinfxonasida dars jarayonini yuqori texnologiyalar vositasida tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Elektron aqlli doska, zamonaviy kompyuter yana boshqa yangi texnologiyalar har bir pedagog va o‘quvchidan yangicha bilim hamda tafakkurga ega bo‘lish ustida doimiy ishlashni talab etadi.
Litseyda ingliz tili, fors, urdu, arab, xitoy, fransuz, nemis, pushtu, dariy tillari ham o‘rgatiladi.
Prezidentning 2026-yil 8-iyundagi 215-son qarori bilan kiritilgan qo‘shimcha bandga ko‘ra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab test sinovlari majmuasiga chet tili asosiy fan sifatida kiritilgan “Temurbeklar maktablari”ga oʻqishga qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy yoki xalqaro sertifikatning B2 va undan yuqori darajasiga ega boʻlgan nomzodlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan eng yuqori ball beriladi.
Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha A+, A darajali milliy sertifikatga ega boʻlgan nomzodlarga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fanlardan belgilangan eng yuqori ball beriladi.
B+, B, C+, C darajali sertifikat olgan nomzodlarga mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish test sinovlarida ushbu fanlardan belgilangan eng yuqori ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi. Milliy yoki xalqaro sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlanib qolinadi.
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarining 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat OTM ga o’qishga kirishda o‘zlari to‘plagan ballarining 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
Ushbu maktabni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga tarkibida “Temurbeklar maktabi” bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishlilik bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlariga test sinovlarisiz harbiy kasbiy saralash tadbirlarini muvafaqqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi beriladi.
