1-sentyabrdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

1-sentyabrdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2026-yil 1-sentyabrdan boshlab ta’lim sohasida bir qator yangi tartib va imkoniyatlar joriy etiladi. Jumladan, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshiriladi, davlat bog‘chalaridagi to‘lovlarning o‘zgaradi, milliy sertifikat imtihonlari tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar uchun ta’lim krediti ajratiladi.

 

Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-sentyabrdan ta’lim sohasida ro‘y beradigan asosiy o‘zgarishlarni bir joyga jamladi.

 

Ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshiriladi

 

Prezidentning 2026-yil 23-iyundagi PF-115-son farmoniga ko‘ra, joriy yil 1-sentyabrdan O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar 7 foizga oshiriladi.

 

Bunda:

 

  • budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshiriladi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m etib belgilanadi;
  • bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mni tashkil etadi.

 

Davlat bog‘chalarida oylik to‘lovlar o‘zgaradi

 

Endi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari BHMga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadi. Shu sababli BHM miqdori o‘zgarganda davlat bog‘chalaridagi oylik to‘lovlar ham mos ravishda o‘zgaradi.

 

Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-sentyabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m etib belgilanadi. Shu munosabat bilan davlat bog‘chalaridagi ota-onalar to‘lovi ham yangi miqdorda hisoblanadi.

 

Ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanadi

 

Prezidentning 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-98-son farmoniga asosan, 1-sentyabrdan ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlar uchun differensial stipendiya tizimi joriy etiladi.

 

Unga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.

 

Shuningdek, davlat budjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilishda umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ustuvor ilmiy yo‘nalishlarga oid ixtisosliklarga ajratiladi.

 

Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga raqamli va axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, atom va qayta tiklanuvchi energiya, agroinnovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot va biotexnologiyalar, suv resurslari va iqlimga barqarorlik, yangi materiallar va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari hamda seysmik xavfsizlik kabi sohalar kiritilgan.

 

Bundan tashqari, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga tadqiqot uchun zarur asbob-uskuna va boshqa tovarlarni xarid qilish maqsadida har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

 

Milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi

 

1-sentyabrdan milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha ham bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi.

 

Jumladan, imtihon uchun to‘lov miqdori 594 ming so‘m etib belgilanadi. Bunga 1-sentyabrdan bazaviy hisoblash miqdorining 440 ming so‘m etib belgilanishi sabab bo‘ladi.

 

Shuningdek, milliy sertifikat imtihonlari o‘tkaziladigan fanlar qatoriga “Huquqshunoslik”, “Musiqa madaniyati” va “Boshlang‘ich ta’lim” fanlari ham qo‘shiladi.

 

Ayrim fanlar bo‘yicha imtihonlar elektron formatga o‘tkaziladi. Xususan, fizika, musiqa madaniyati, geografiya, huquqshunoslik va boshlang‘ich ta’lim fanlaridan imtihonlar kompyuter orqali topshiriladi.

 

Yana 11 ta chet tili imtihoni Multi-level formatga o‘tkaziladi

 

1-sentyabrdan xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg‘ur tillari bo‘yicha milliy sertifikat imtihonlari Multi-level formatida o‘tkaziladi.

 

Bunda talabgorlar har bir daraja uchun alohida imtihon topshirmaydi. Bir marta imtihonda ishtirok etib, o‘z bilim darajasiga qarab B1, B2 yoki C1 darajalaridan biriga mos natijaga ega bo‘ladi.

 

Avval Multi-level formatidagi milliy sertifikat imtihonlari ingliz, nemis, fransuz, arab va turk tillari bo‘yicha o‘tkazilayotgan edi.

 

Muddatli harbiy xizmatdagi askarlarga ta’lim krediti beriladi

 

Prezidentning 2026-yil 7-apreldagi 134-son qaroriga muvofiq, 1-sentyabrdan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan va oliy ta’lim tashkilotiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga ta’lim kreditini ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Kredit oliy ta’limda o‘qishning birinchi yili uchun Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, belgilangan tartibda ajratiladi.

 

Yosh iste’dodlarning xorijda ta’lim olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

 

1-sentyabrdan yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imkoniyatlar ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

Unga ko‘ra, har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at ta’lim muassasalarida o‘qitiladi.

 

Shuningdek, respublika tanlovlari g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlovlar sovrindorlariga esa 300 million so‘mgacha mukofot beriladi. Ularning ishtirok etish xarajatlari to‘liq qoplanadi.

 

Tanlov g‘oliblarining ustoz va murabbiylariga esa oylik ish haqiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.