Urganch davlat universitetida yangi o’quv yili uchun talabalar uchun yangi forma joriy etilayotgani va barchadan unga o’tish talab etilgani haqida Kun.uz’ga murojaat kelib tushgan.
Keltirilishicha, murojaatda universitet mas’ullaridan biri talabalardan belgilangan formani tiktirib kiyishni talab qilayotgani va talabalar o‘tgan o‘quv yilining oxirida ham yangi forma olishgani aytib o’tilgan.
“Universitetimiz “jensoveti” (xotin-qizlar qo‘mitasi – tahr.) forma rasmlarini tashlabdi. O‘g‘il bolalar to‘q ko‘k rangli kostyum-shim, qizlar yubka-koftadan ikki variantdan birini tanlab tiktirishi shart. Boshqa muhokama, “men oldim, men qo‘ydim, nima qilay?” degan gaplar bo‘lmaydi. Universitet talabi qo‘yildimi – bajarishga majburmiz. Bugundan harakatni qiling, shu formani tiktirib kiyasizlar”, – deyilgan tahririyatga kelib tushgan audioda.
Urganch davlat universiteti matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi. Unga ko’ra, universitetda shu paytgacha talabalar uchun majburiy forma joriy etilmagan va forma kiyish talabi qo‘yilmagan. Universitet jamoasi talabalarning shaxsiy tanlovi, xohish istagi va erkinligini doimo hurmat qiladi.
Shuningdek, univeristetda «forma kiyish shart» degan talab qo‘yilgani haqiqatdan yiroqligi va alohida shaxsning og‘zaki fikri yoki topshirig‘i universitetning rasmiy qarori va umumiy siyosatini anglatmasligi qo’shimcha qilingan.
Forma masalasida vazirlik qanday fikrda?
O’tgan o’quv yilida barcha universitet va institut talabalari uchun yagona «talaba formasi» joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi va vazirlik bunday xabarlarni rad etgan edi. Shuningdek, vazirlik tomonidan talabalar formasi bo‘yicha OTMlarga talab qo‘yilmasligini aytib keladi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida har bir talabaning shaxs sifatidagi erkinligi va huquqlari Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinishi vazirlik tomonidan eslatib o‘tildi.
