Ijtimoiy tarmoqlarda barcha universitet va institut talabalari uchun yagona «talaba formasi« joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu ma’lumotlarga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi izoh berdi.
Ushbu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va notoʻgʻri talqin etilayotganini maʼlum qilamiz.
Aslida, tarqalgan xabar asos qilib keltirilayotgan hujjat – Vazirlar Mahkamasining muhokamadagi qaror loyihasiga ilova qilingan «Oliy taʼlim tashkiloti brendini yaratish toʻgʻrisidagi nizom« boʻlib, mazkur nizom har bir oliy taʼlim tashkilotining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi brend va imij konsepsiyasini shakllantirishga xizmat qilishi nazarda tutilgan. Nizom loyihasida talabalar uchun yagona forma joriy etilishi yoki majburiy tartibda talab etilishiga doir hech qanday norma mavjud emas.
Aksincha, oliy ta’lim muassasalari o‘zining tarixi, vazifasi, madaniy qadriyatlari va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘ziga xos korporativ uslub va ramzlarini ishlab chiqish huquqiga ega. Bunga ta’lim tashkilotlarining individual imijini shakllantirishga qaratilgan tashabbus sifatida qaralishi lozim. Shu bilan birga, estetik, gigiyenik yoki tashqi ko‘rinishga oid tavsiyalar faqat ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, ularni joriy etish yoki qo‘llashning amaliy jihatlari har bir ta’lim muassasasining ichki qarorlariga bog‘liq. Ya’ni, mazkur Nizom loyihasi doirasida maxsus forma joriy etish yoki uni majburiy tartibda talab qilish umuman nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, korporativ uslub va brend elementlari (logotip, rang sxemasi va h.lar) shakllantirish tashabbusi universitetlarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro maydonda ham samarali targ‘ib etish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday yondashuv dunyo tajribasida ham ta’lim muassasalarining marketing strategiyasining muhim qismi sifatida qaraladi.
Oliy taʼlim tashkilotlarida har bir talabaning shaxs sifatidagi erkinligi va huquqlari Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Vazirlik barcha axborot manbalarini masʼuliyat bilan yoritishga chaqiradi va rasmiy maʼlumotlarga tayanib harakat qilishni tavsiya etadi – deyiladi vazirlikning izohida
