Qirg‘izistonlik talaba Adinay Kabenova yo‘l-transport hodisasida jabrlangan fuqaroga tez yordam yetib kelguniga qadar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi uning tezkor harakatlari jabrlanuvchining hayotini saqlab qolishga yordam berganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 3-avgust kuni Qirg‘iziston Olatovi bilan Kungay Olatovi oraligʻida joylashgan Bo‘o‘m darasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Hodisa guvohi bo‘lgan Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasining 6-bosqich talabasi Adinay Kabenova jabrlangan fuqaroga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, talabaning tezkor va to‘g‘ri harakatlari tufayli jabrlanuvchining hayoti tez yordam xodimlari yetib kelguniga qadar saqlab qolingan.
5-avgust kuni Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Damir Osmonov talaba bilan uchrashib, uning professionalligi, qat’iyati va befarq bo‘lmagani uchun minnatdorlik bildirib, vazirlikning tashakkurnomasini topshirgan.
Tibbiyotda bilim juda katta ahamiyatga ega. Ammo insonparvarlik, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik va eng og‘ir vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zish ham shunchalik muhim. Adinay o‘zining bu harakati bilan bugunoq bo‘lajak shifokor degan sharafli nomga munosib ekanini isbotladi», — dedi vazir.
Avvalroq, Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi samolyotda inson hayotini saqlab qolgani haqida xabar bergan edik.
