Nogironligi boʻlgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qoʻshimcha vaqt beriladi

Nogironligi boʻlgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qoʻshimcha vaqt beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Unga ko‘ra, maxsus maktablarda individual taʼlim rejalari joriy etilib, nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

 

Bugun, 3-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotda aytilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi boʻlgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Yana 34,6 ming nafar bolani taʼlimga jalb etish zarur.

 

Buning uchun ijtimoiy xodimlar ishtirokida “oilabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Har bir bolaning ehtiyojlari erta bosqichda va kompleks baholanib, unga mos taʼlim muhiti hamda zarur xizmatlar belgilanadi. Yangi baholash mexanizmi 2026-yil 1-oktabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida tajriba tariqasida joriy etiladi.

 

2026/2027-oʻquv yilidan maxsus maktablarda taʼlim bolaning ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqib tuziladigan individual rejalar asosida tashkil etiladi. Koʻzi ojiz pedagoglarga, shuningdek, maxsus maktablarning boshlangʻich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar ajratiladi.

 

Nogironligi boʻlgan bolalarning uyiga yaqin joyda taʼlim olishiga sharoit yaratish maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir oʻquvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.

 

2027-yildan bolalarni matnni oʻqish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv jihozlar bilan vaucher asosida taʼminlash taklif etildi. 2027/2028-oʻquv yilidan esa nogironligi boʻlgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qoʻshimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.

 

Shuningdek, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha ham yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan. Hozir respublikada jami 726 oʻringa moʻljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat koʻrsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.

 

Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga oʻz murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning oʻrganish natijalariga koʻra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori koʻmagida joylashtiriladi. Ularning har biri uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, kasbga oʻqitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.

 

Markazlarda bandlikni qoʻllab-quvvatlash boʻlinmalari tashkil etilib, tadbirkorlarga boʻsh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga beriladi. Boshpanasiz shaxslarga kasbga oʻqish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifalar qatoriga kiritish va ular uchun ish oʻrinlarini zaxiralash nazarda tutilmoqda. Nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan taʼminlash qamrovi kengaytiriladi.

 

Prezident taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yoʻlga qoʻyish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish