Malayziyada maktab hojatxonasida 16 yoshli o‘quvchi qizni o‘ldirishda ayblanayotgan 14 yoshli o‘smir ustidan sud jarayoni boshlandi. Mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu voqeadan so‘ng 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishi taqiqlangan.
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur yaqinidagi maktabda 2025-yil oktabr oyida 16 yoshli Yap Shing Xuen maktab hojatxonasida tanasida bir nechta pichoq jarohatlari bilan o‘lik holda topilgan.
Qotillikda ayblanayotgan o‘smir voqea sodir bo‘lgan paytda 14 yoshda bo‘lgan. U sudda aybini tan olmagan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi qo‘lga olinganida uning yonidan yozma qayd ham topilgan. Mazkur hujjat mazmuni rasman oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, mahalliy OAVda tarqalgan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarning bolalar ruhiyatiga salbiy ta’siri haqidagi muhokamalarni kuchaytirgan.
Malayziya qonunchiligiga ko‘ra, gumonlanuvchining voyaga yetmaganligi sabab uning shaxsi oshkor etilmaydi. Agar aybi isbotlansa, u 30 yildan 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, shuningdek, tan jazosi (qamchilanish) ham qo‘llanishi mumkin.
Mazkur hodisa mamlakatda bolalar ruhiyatiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri yuzasidan keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim maktablarda kuzatilayotgan zo‘ravonlik holatlarining aksariyati mobil telefonlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng mamlakatda bolalarni zararli internet kontentidan himoya qilishga qaratilgan yangi cheklovlar joriy etilgan. Xususan, joriy yil iyun oyidan boshlab 16 yoshga to‘lmagan bolalarning asosiy ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishi taqiqlangan.
