Vazirlar Mahkamasi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarida xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qarorni qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, ta’lim muassasalarida biometrik kirish tizimlari, videokuzatuv kameralari, “tashvish” tugmalari va boshqa zamonaviy xavfsizlik vositalari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-iyuldagi 425-sonli “Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
– ta’lim muassasalari xavfsizlik darajasiga qarab toifalarga ajratilib, har bir toifa uchun qo‘riqlash talablari belgilanadi;
– davlat ta’lim muassasalarida internet tarmog‘iga ta’sir qilmaydigan maxsus aloqa kanali tashkil etiladi;
– qo‘riqlash signalizatsiyalari va “tashvish” tugmalari bosqichma-bosqich o‘rnatilib, IIV Qo‘riqlash departamentining monitoring tizimiga ulanadi;
– asosiy kirish joylariga biometrik kirish-chiqishni nazorat qilish tizimlari o‘rnatiladi, ma’lumotlar kamida 3 oy saqlanadi;
– videokuzatuv tizimi bino atrofi, kirish joylari, oshxona, “tashvish” tugmalari o‘rnatilgan hududlar va qavat yo‘laklarini qamrab oladi, videoyozuvlar kamida 1 oy saqlanadi;
– serqatnov yo‘llar yaqinidagi ta’lim tashkilotlari atrofida piyodalar uchun “yashil yo‘laklar” tashkil etilib, transport harakati cheklanadi;
– qo‘riqlash xodimlari maxsus o‘quv markazlarida tayyorlanadi va ularning malakasi muntazam oshirib boriladi.
Mazkur qaror bilan nazarda tutilgan chora-tadbirlar 2026–2027-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
