Biologiya fanidan A, kimyodan A, ona tili va adabiyotidan A+, tarixdan B, matematikadan C darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, 189 ball toʻplagan Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 6-maktab bitiruvchisi Norqulova Barno Xalim qizi muddatidan avval talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻldi. U Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Barno bilan sertifikatlarga tayyorgarlik, vaqtni boshqarish, qiyinchiliklar va yuqori natijaga erishish yoʻli haqida suhbatlashdik.
“Uddalay olarmikanman?” degan savol meni ham qoʻrqitgan
Barnoning aytishicha, asosiy fanlardan milliy sertifikat olishni u 10-sinf boshidayoq maqsad qilgan. Ammo tayyorgarlikni kechroq boshlagani sabab baʼzan oʻziga ishonchi pasaygan.
“10-sinfning boshlaridayoq asosiy fanlarimdan sertifikat olishni maqsad qilganman. Lekin tayyorgarlikni biroz kech boshlaganim uchun “Uddalay olarmikanman?” degan savol meni koʻp oʻylantirardi” — deydi u.
Shunga qaramay, u maqsadidan voz kechmagan. Ikki yil biologiya, bir yil-u uch oy kimyo faniga tayyorlangan. Matematika, tarix hamda ona tili va adabiyotidan esa bir oylik tayyorgarlik bilan sertifikat olgan.
Tayyorgarlik davomida repetitorlar, darsliklar, test toʻplamlari, qoʻshimcha qoʻllanmalar va videodarslardan foydalangan.
189 ball ortidagi eng muhim odat nima boʻlgan?
Barnoning fikricha, test ishlashning oʻzi yuqori natija uchun yetarli emas.
“Eng samarali usulim oʻrganganlarimni test orqali mustahkamlash va xatolarimni oʻsha zahoti tahlil qilish boʻldi” — deydi u.
U kitoblardagi muhim maʼlumotlarni alohida belgilab borish, boshqa manbalardagi qoʻshimcha maʼlumotlarni yozib qoʻyish ham eslab qolishga katta yordam berganini aytadi.
Biologiya va kimyo fanlarida test savollari oʻrtacha murakkablikda boʻlgan boʻlsa-da, yozma topshiriqlar qiyinroq kechgan. Majburiy fanlarga esa qisqa muddat tayyorlangani sabab imtihonlar murakkabroq tuyulgan.
“Kunim maktabda, tunim kitoblar bilan oʻtdi”
Bir yilning oʻzida beshta fandan sertifikat olish Barnodan katta mehnat talab qilgan.
“Kunimning yarmini maktab uchun ajratsam, tungi soat 2–3 gacha boʻlgan vaqtimni tayyorgarlikka sarflardim. Maktabimiz tarixidagi ilk 189 ball sohibasi boʻlishni juda xohlardim” — deydi abituriyent.
Qizgʻin tayyorgarlik davrida u kuniga 4–5 soat uxlagan paytlari ham boʻlgan.
“Bu oson boʻlmagan. Lekin maqsadim uchun vaqtni imkon qadar unumli ishlatishga harakat qilganman” — deydi u.
“Yigʻlagan kunlarim ham boʻlgan”
Barno yuqori natija ortida faqat dars emas, ruhiy bosim ham boʻlganini yashirmaydi.
“Baʼzan juda charchagan paytlarim boʻlgan. Oʻzimga rahmim kelib yigʻlagan kunlarim ham bor. Lekin shunday paytlarda nima uchun bu yoʻlni tanlaganimni oʻzimga eslatardim” — deydi oʻquvchi qiz.
Uning aytishicha, ota-onasi, ustozlari va yaqinlarining qoʻllab-quvvatlashi eng katta motivatsiya boʻlgan.
“Yuqori natija olishda faqat bilim emas, sabr, matonat va ruhiy barqarorlik ham muhim” — deydi u.
“Oʻzingizni boshqalar bilan solishtirmang”
Barno imtihonda eng koʻp uchraydigan xatolar sifatida shoshilish, vaqtni notoʻgʻri taqsimlash va savollarni oxirigacha oʻqimaslikni sanab oʻtdi.
“Avval ishonchingiz komil boʻlgan savollarni ishlang, keyin murakkablariga oʻting. Vaqtni toʻgʻri taqsimlash juda muhim” —deydi qahramonimiz.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida esa u quyidagicha fikr bildirdi:
“Telefonning oʻzi muammo emas. Muhimi, undan qanday maqsadda foydalanayotganingiz.”
Shuningdek u milliy sertifikat olishni istayotgan oʻquvchilarga esa quyidagi tavsiyani berdi:
“Hech qachon oʻzingizni boshqalar bilan solishtirmang. Har kimning yoʻli har xil. Muntazam mehnat qiling, sabrli boʻling va oʻzingizga ishoning.”
Yangi maqsadlar sari
Barno bugun erishgan natijasi bilan toʻxtab qolishni istamaydi. Hozirda u kitob mutolaasi, chet tillarini oʻrganish va oʻz ustida ishlashni davom ettirmoqda.
Uning fikricha, maktablarda amaliy mashgʻulotlar, test tahlillari, individual yondashuv va oʻquvchilarni ragʻbatlantirish tizimini kuchaytirish yuqori natijalar sonini oshirishga xizmat qiladi.
“Har bir kichik qadam katta maqsad sari olib borishini unutmaslik kerak” — deydi u.
Avvalroq, oqqo‘rg‘onlik o‘quvchi qiz muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
