“Har bir savolning javobi uning o‘zida yashiringan”: Oqqo‘rg‘onlik o‘quvchi qiz muddatidan oldin talaba bo‘ldi

“Har bir savolning javobi uning o‘zida yashiringan”: Oqqo‘rg‘onlik o‘quvchi qiz  muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi 8-maktab bitiruvchisi Qodirova Shaxzoda Akbarali kizi oʻzbek tili va adabiyotidan A, matematikadan C+, tarix fanidan B hamda ingliz tilidan B2 darajadagi milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, oliy taʼlim muassasasiga muddatidan oldin talaba boʻldi. U TaʼlimXabarlari.uz bilan suhbatda bu natijaga eltgan mehnat, sinovlarga tayyorgarlik va muvaffaqiyat sari bosib oʻtilgan yoʻl haqida soʻzlab berdi.

 

“Sertifikat olish gʻoyasini ustozim bergan”

 

Shaxzoda hujjatlarini Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Filologiya va tillarni oʻqitish yoʻnalishiga topshirishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, milliy sertifikat olish haqidagi ilk fikr maktabdagi ingliz tili oʻqituvchisi Yuldashev Saidxoʻja tomonidan bildirilgan.

 

“Oʻsha paytda endigina 8-sinfni tugatgan edim. Sertifikatning qanday imkoniyatlar berishini toʻliq tushunmasdim. Keyinchalik uning oliy taʼlimga kirishdagi ahamiyatini anglagach, qaysi fanlardan va qanday ketma-ketlikda sertifikat olishimni rejalashtirib chiqdim”, — deydi u.

 

Bu reja bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Shaxzoda ingliz tilidan 4 oy, ona tili va adabiyot fanidan 8 oy, tarixdan 2 oy, matematikadan esa 1 oy davomida tayyorgarlik koʻrdi. Tayyorgarlikda turli manbalardan foydalangan. Matematikani mustaqil ravishda videodarslar va testlar orqali oʻrgangan boʻlsa, qolgan fanlarda ustozlari koʻmagiga tayangan.

 

“Muvaffaqiyatimning siri — reja va intizom”

 

Yuqori natijaga erishishda oʻziga mos oʻquv usulini topish muhim rol oʻynagan.

 

“Men uchun eng samarali usul mavzularni qisqa va oʻzimga tushunarli tarzda konspekt qilib yozish boʻlgan. Bu nafaqat mavzularni tez takrorlash, balki ularni uzoq vaqt eslab qolishimga ham yordam bergan”, — deydi Shaxzoda.

 

U sertifikatlarga tayyorgarlik koʻrish bilan birga maktabdagi darslarni ham eʼtibordan chetda qoldirmagan. Darslarni muntazam oʻzlashtirish va baholarini bir maromda ushlab turishga harakat qilgan.

 

Biroq imtihon savollari uning kutganidan biroz murakkabroq boʻlgan.

 

“Qanchalik murakkab testlarni ishlagan boʻlsam ham, imtihondagi savollar biroz qiyinroq tuyuldi. Lekin shuni tushundimki, har bir savolning javobi uning oʻzida yashiringan boʻladi. Asosiysi, chalgʻituvchi variantlarga aldanib qolmaslik va savolni diqqat bilan tahlil qilish kerak”, — deydi u.

 

“Eng katta sinov bilim emas, ruhiy bosim boʻldi”

 

Shaxzodaning aytishicha, eng murakkab tayyorgarlik ona tili va adabiyot faniga toʻgʻri kelgan. Badiiy adabiyotlarni mutolaa qilish, maktab mashgʻulotlari va sertifikat tayyorgarligini uygʻunlashtirish uchun koʻpincha uyqudan ham voz kechishga toʻgʻri kelgan.

 

“Baʼzi kunlari atigi 3–4 soat uxlar edim. Kechasi soat ikki-uchlarda uxlab, tonggi toʻrt yarim yoki beshlarda uygʻonardim. Oʻsha davr uyqu tartibimni izdan chiqardi, hatto hozirgacha ham uni toʻliq tiklay olmadim”, — deydi u.

 

Ammo uning taʼkidlashicha, eng ogʻiri jismoniy charchoq emas, ruhiy bosim boʻlgan.

 

“Koʻp marta tushkunlikka tushganman. “Shuncha mehnatim bekorga ketmaydimi? Ota-onamning ishonchini oqlay olamanmi?” degan savollar meni tinch qoʻymasdi. Ayrim ustozlarim ham yuqori natija olishimga unchalik ishonch bildirmagani meni yanada xavotirga solgan. Bunday paytlarda ota-onamning qoʻllab-quvvatlashi menga katta dalda boʻldi. Kayfiyatim tushganida esa shirinliklar ham oʻziga xos motivatsiya vazifasini bajargan”, — deydi Shaxzoda kulib.

 

“Faqat oʻqish emas, uqish ham kerak”

 

Yosh bitiruvchi vaqtni toʻgʻri taqsimlash muvaffaqiyatning muhim omillaridan biri ekanini aytadi. Shu sababli telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham qatʼiy nazorat qilgan.

 

“Telefondan deyarli foydalanmaganman. Kerak boʻlsa ham faqat dars qilish uchun ishlatganman. Vaqtimni samarali boshqarish uchun Pomodoro usulidan foydalandim”, — deydi u.

 

Milliy sertifikat olishni maqsad qilgan tengdoshlariga esa quyidagi tavsiyani beradi:

 

“Faqat oʻqishning oʻzi yetarli emas, uqish ham kerak. Inson oʻz imkoniyatlarini oʻzi cheklab qoʻymasligi, oldiga aniq maqsad qoʻyishi va oʻsha maqsad sari qatʼiyat bilan harakat qilishi lozim.”

 

Shaxzodaning fikricha, maktablarda milliy sertifikatlarga tayyorlanayotgan oʻquvchilar uchun yanada koʻproq sharoit yaratilishi, yuqori natija koʻrsatgan bitiruvchilar ishtirokida uchrashuvlar va maxsus mashgʻulotlar tashkil etilishi yaxshi samara beradi.

 

Ayni paytda esa u yangi bosqich — universitet hayotiga tayyorgarlik bilan band. U oʻzining bugungi muvaffaqiyati mehnat, qatʼiyat va yaqinlarining ishonchi natijasi ekanini alohida taʼkidlaydi.

 

Avvalroq, buxorolik 4-sinf o‘quvchisi IELTS imtihonidan 6.5 ballni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. 

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish