Prezident va Respublika nomdor davlat stipendiyalari uchun hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 15-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.
Tanlovda oliy taʼlim muassasasining birinchi bosqich saralashidan muvaffaqiyatli oʻtgan iqtidorli bakalavriat talabalari ishtirok etishi mumkin.
Prezident davlat stipendiyasiga nomzodlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari faqat “aʼlo” (5) baholardan iborat boʻlishi talab etiladi.
Respublika nomdor davlat stipendiyalari uchun esa “4” baholar ulushi 25 foizdan oshmasligi, shuningdek, “3” bahosi mavjud talabalar tanlovda ishtirok eta olmasligi belgilangan.
Hujjatlar 1-avgustdan 15-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda topshiriladi.
Nomzodlardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
— akademik maʼlumotnoma (transkript);
— dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;
— ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;
— ilmiy ishlar roʻyxati va ularning nusxalari;
— tarix hamda chet tillari boʻyicha suhbat natijalari haqidagi maʼlumotnomalar.
Prezident va Respublika nomdor stipendiyalariga nomzodlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
— ilmiy-tadqiqot ishlari (ilmiy maqola, tezis va boshqalar);
— xalqaro va respublika fan olimpiadalari, koʻrik-tanlovlar hamda boshqa yutuqlar;
— chet tilini bilish sertifikati;
— Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan test natijalari.
Shuningdek, davlat mukofotlari, patent va ixtirolar, dasturiy mahsulotlar (DGU), ijodiy ishlar hamda taʼlim yoʻnalishiga mos boshqa yutuqlar ham inobatga olinadi.
Nomzodlar my.edu.uz tizimida telefon raqami yoki OneID orqali roʻyxatdan oʻtadi. Portfolio maʼlumotlari va ilmiy yutuqlarini yuklaydi. Elektron arizani toʻldirib yuboradi.
Eslatma: Prezident davlat stipendiyasiga hujjat topshirayotgan bakalavriat talabalari uchun ilmiy maqola, tezis va boshqa ilmiy ishlar boʻyicha kamida ikkita eʼlon qilingan ilmiy-tadqiqot ishi mavjud boʻlishi talab etiladi.

