‘‘Mehrli maktab’’larda yangi shtatlar joriy etiladi hamda xodimlarning ustamalari 200 foizga oshiriladi

‘‘Mehrli maktab’’larda yangi shtatlar joriy etiladi hamda xodimlarning ustamalari 200 foizga oshiriladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi loyihasiga ko‘ra, ‘‘Mehrli maktab’’lar uchun namunaviy shtatlar jadvalini joriy etish, xodimlarga to‘lanadigan ustamalarni oshirish hamda mehnatga haq to‘lash tartibiga o‘zgartirish kiritish kutilmoqda.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ‘‘Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida’’gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

 

Loyihaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-maydagi 234-son qaroriga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi rejalashtirilmoqda.

 

Jumladan, “Mehrli maktab” xodimlariga to‘lanadigan davlat budjeti hisobidan ustama 100 foizdan 200 foizga oshirilishi taklif etilmoqda.

 

Shuningdek, amaldagi nizomdagi shtatlar jadvali bekor qilinib, uning o‘rniga muassasaning quvvatiga qarab shakllantiriladigan yangi namunaviy shtatlar jadvali tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

 

Yangi jadvalga ko‘ra, muassasalarda pedagoglardan tashqari:

 

  • xo‘jalik mudiri;
  • kadrlar bo‘yicha menejer;
  • kotiba;
  • axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis;
  • yuriskonsult;
  • matbuot xizmati matbuot kotibi kabi yangi lavozimlar ham joriy etiladi.

 

 

T/r Lavozim nomi 45 nafargacha 46–100 nafar 101–250 nafar
1 Direktor** 1 1 1
2 Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish bo‘yicha direktor o‘rinbosari** 1 1 1
3 Maktabgacha ta’lim va tarbiyani tashkil etish bo‘yicha direktor o‘rinbosari (metodist)** 1 1 1
4 «Mehrli maktab» direktorining filiallar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari** 1 1 1
5 Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish bo‘yicha pedagog xodim 6 10 22
6 O‘qituvchi-defektolog** 2 2 2
7 Tarbiyachi 1 2 4
8 Psixolog (maktabgacha ta’lim guruhlari uchun) 1 2 2
9 Musiqa rahbari 1 1 1
10 Tarbiyachi yordamchisi 1 2 4
12 Xo‘jalik mudiri** 1 1 1
13 Kadrlar bo‘yicha menejer** 1 1 1
14 Kotiba** 1 1 1
15 Bosh hisobchi** 1 1 1
16 Yengil avtomobil haydovchisi** 1 1 1
17 Defektolog (logoped) 1 1 1
18 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis*** 1 1 1
19 Yuriskonsult*** 1 1 1
20 Matbuot xizmati matbuot kotibi*** 1 1 1

 

* gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda boʻlgan bolalar uchun yaratilgan oʻringa qarab belgilanadi.

 

** Mazkur lavozimlar bino quvvati (shifo oʻrni) dan qatʼiy nazar, “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi (filallar bundan mustasno) uchun ajratiladi.

 

*** Mazkur lavozimlar bino quvvati (shifo oʻrni) dan qatʼiy nazar, “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi (filallar bundan mustasno) uchun ajratiladi hamda ushbu lavozimlarga Respublika taʼlim markazining yetakchi mutaxassisining bazaviy tarif stavkalari miqdori qoʻllaniladi.

 

Namunaviy shtatlar jadvalida shtat birliklari muassasaning quvvatidan kelib chiqib belgilanadi. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha pedagoglar soni 45 nafargacha quvvatli muassasalarda 6 ta, 46–100 o‘rinli muassasalarda 10 ta, 101–250 o‘rinli muassasalarda esa 22 ta shtat birligini tashkil etadi.

 

Eslatib o‘tamiz, ‘‘Mehrli maktab’’ davlat ta’lim muassasalari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-maydagi 234-son qarori asosida gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya hamda boshqa uzoq muddat davolanayotgan bolalarga maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni uzluksiz tashkil etish maqsadida tashkil etilgan.

 

Mazkur qaror loyihasi 2026-yil 12-avgustga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.