Bugungi kunda xalqaro va milliy sertifikatlar nafaqat oliy ta’limga kirishda, balki dunyoning nufuzli universitetlarida grant yutishda ham muhim omillardan biriga aylangan. Biroq bunday natijalarga erishish ko‘pincha yillar davom etgan mehnat, intizom va sabr ortidan keladi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf bitiruvchisi Muminjonov Ma’rufjon Mahmudjon o‘g‘li ham shunday yoshlar qatoridan. U IELTS 7.0 va SAT 1300 ballik xalqaro sertifikatlar, matematika hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan B+ darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi. Hozir esa oldiga yanada katta maqsad qo‘ygan — dunyoning Top-100 universitetlaridan biriga 100 foizlik grant asosida o‘qishga kirish.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Ma’rufjonning aytishicha, ingliz tiliga qiziqish tasodifan paydo bo‘lmagan. U hali boshlang‘ich sinflarda o‘qib yurgan paytidayoq bu tilni o‘rganishga alohida mehr qo‘ygan.
Ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishim juda erta uyg‘ongan. Yoshligimdan bu tilni o‘rganishni xohlardim, qalbimda bu tilga nisbatan o‘zgacha bir ishtiyoq (passion) bor edi. 8-sinfda o‘qib yurganimda IELTS sertifikatini olishni maqsad qilgandim. Ammo ayrim shaxsiy sabablar tufayli rejamni biroz kechiktirishga to‘g‘ri keldi. Natijada 10-sinfning yozgi ta’tilidan boshlab kursga qatnay boshladim, — deydi u.
Kursga borganidan keyin u vaqtni bekorga sarflamagan. O‘quv markazidagi bosqichlarni odatdagi muddatdan ancha tez yakunlagan. Ikki oyga mo‘ljallangan kurslarni 20 kun yoki bir oy ichida tugatib, keyingi bosqichga o‘tib borgan.
Shu tariqa u 1 yil-u 3 oy davomida muntazam tayyorlanib, noyabr oyida ilk bor IELTS imtihonini topshiradi.
SAT rejasi bir yil oldinga surildi
Bitiruvchining ta’kidlashicha, u aslida SAT imtihonini 2027-yilda topshirishni rejalashtirgan. Biroq internetda 1200 balldan yuqori SAT natijasiga ega abituriyentlar uchun grantlar mavjudligi haqida ma’lumotni ko‘rgach, rejasini o‘zgartirishga qaror qiladi.
May oyida bu haqdagi xabarni ko‘rdim va kutib o‘tirmaslikka qaror qildim. Vaqtim juda kam edi, shunga qaramay bor kuchim bilan tayyorlandim. Natijada 1300 ballni qo‘lga kiritdim.
Ma’rufjon matematika fanidan milliy sertifikat uchun uzoq vaqt tayyorlanmagan. Bunga sabab uning maktab davridayoq matematika olimpiadalarida muntazam qatnashib kelgani va mustahkam bilim bazasiga ega bo‘lgani edi.
Matematika fanidan milliy sertifikatga bor-yo‘g‘i 3 hafta tayyorlandim. Chunki avvaldan matematika bo‘yicha olimpiadalarda qatnashib, kuchli baza shakllantirganim bo‘ldi. 2025-yil may oyida imtihon topshirib, 99.32% lik natija qayd etdim.
Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatni esa joriy yilda qo‘lga kiritdi. Unga ta’kidlashiga ko‘ra, ushbu fan majburiy blok uchun kerak bo‘lgani sababli tayyorgarlik jarayoni unchalik murakkab kechmagan. Bir-ikki hafta davomida testlar ishlab, bilimlarini mustahkamlagan va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan.
“Har kuni kamida 5 daqiqa bo‘lsa ham ingliz tilini o‘qirdim”
Maktabdagi darslar, xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik va kundalik ishlarni bir vaqtning o‘zida olib borish ko‘pchilik uchun qiyin bo‘lishi mumkin.
Albatta, maktab darslari va xalqaro imtihonlar tayyorgarligini parallel olib borish oson bo‘lgani yo‘q. Biroq men uchun ingliz tili bilan shug‘ullanish kundalik odatga aylanib ulgurgandi. Qanchalik band bo‘lmayin, kuniga hech bo‘lmaganda 5 daqiqa bo‘lsa ham ingliz tiliga vaqt ajratardim — bu zanjirning uzilmasligini ta’minlardi.
Ona tili fanida esa dars vaqtining asosiy qismini testlar ishlash va xatolar ustida ishlashga bag‘ishlagan.
Faqat kitob emas, filmlar va podkastlar ham yordam berdi
Tayyorgarlik davomida Ma’rufjon bitta manba bilan cheklanmagan.
U turli xalqaro platformalarda mashqlar ishlagan, ingliz tilidagi maqolalarni o‘qigan, podkastlar tinglagan hamda filmlar tomosha qilgan.
Til o‘rganish va imtihon formatiga moslashish uchun turli xil ixtisoslashgan veb-saytlardan mashqlar yechib bordim. Shuningdek, til muhitini his qilish, jonli nutqni tushunish uchun ingliz tilidagi kino va podkastlarni muntazam ravishda eshitib, tahlil qilib bordim. Tilni faqat grammatikani o‘rganish orqali mukammal egallab bo‘lmaydi. Ingliz tilidagi kontentni qancha ko‘p iste’mol qilsangiz, shuncha tez rivojlanasiz, — deydi u.
IELTS imtihonida eng ko‘p qiynagan bo‘lim Speaking bo‘lgan.
Yolg‘iz mashq qilayotganimda bemalol gapirardim. Ammo kim bilandir yuzma-yuz suhbatlashishga kelganda hayajon paydo bo‘lardi. Writing ham boshida menga umuman yoqmasdi. Ba’zan yozishni xohlamasdim, ich-ichimdan qarshilik bo‘lardi. Lekin yozmasam natijaga erisha olmasligimni tushunardim. Shu sabab o‘zimni majburlab bo‘lsa ham mashq qilishda davom etdim.
SAT imtihonida esa EBRW (Reading va Writing) qismi qisqa muddat ichida tayyorlanganim sababli ancha qiyinchilik tug‘dirgan.
‘‘Apellyatsiyaga (EOR/OSR) berishga qaror qildim..’’
Har qanday muvaffaqiyat ortida kichik muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘ladi. Ma’rufjon matematika sertifikatida 100 foiz natija kutgan bo‘lsa-da, 99,32 foiz olgan.
IELTS natijasi esa undan ham kutilmagan bo‘lgan.
Natija men kutgandek bo‘lmagan yoki charchagan paytlarimda maqsadi sari intilayotgan har bir yosh kabi biroz tushkunlikka tushgan vaziyatlarim bo‘ldi. Masalan, matematikadan 41 ta to‘g‘ri javob bilan 100% lik natija kutganimda 99.32% chiqqani biroz xafa qilgandi. Yoki birinchi marta IELTS natijamni ko‘rganimda 7.0 ballni maqsad qilgan bo‘lsam-da, atigi 0.5 ball yetmay 6.5 chiqib qolgani meni biroz lol qoldirgandi. Bunday paytlarda men “Bunda ham bir xayr bor, demak nasib emas ekan”, deb o‘zimni ruhan tinchlantirdim va to‘xtab qolmasdan o‘z yo‘limda davom etdim. O‘z darajamga bo‘lgan ishonch tushkunlikni yengishimga yordam berdi.
Uning fikricha, ingliz tilidagi ilmiy va publitsistik maqolalarni muntazam o‘qish SAT Reading bo‘limida yuqori natija olishning eng muhim omillaridan biridir.
Ilk bor IELTS topshirganimda hayajon bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki natija kutilganidan biroz pastroq chiqdi. Shuning uchun men ballni qayta tekshirishga, ya’ni apellyatsiyaga (EOR/OSR) berishga qaror qildim. Chunki o‘z bilimimga va real darajam kamida 7.0 ball ekanligiga ishonchim mutlaqo komil edi. Apellyatsiya natijasini kutish vaqtida hech qanday ortiqcha stress yoki hayajon bo‘lmadi, jarayonni butunlay xotirjamlik bilan o‘tkazdim. Dastlabki natijam (6.5) chiqqan zahoti shunchaki qotib qoldim, chunki eng kamida 7.0 ballni kutayotgan edim va bu kutilmagan zarba bo‘ldi. Biroq natijani qayta ko‘rib chiqish uchun bergan so‘rovimdan so‘ng, yakuniy javob chiqqanida hech qanday ortiqcha reaksiya bo‘lmadi (no reaction). Chunki o‘z darajamga yarasha haqqoniy ballni olishimni va baribir o‘z maqsadimga erishishimni oldindan bilardim. Kelajakda SAT topshirmoqchi bo‘lgan tengdoshlarimga (future SAT takers) eng katta maslahatim: iloji boricha ko‘proq ingliz tilidagi ilmiy va publisistik maqolalarni (articles) o‘qing va ularni chuqur tahlil qiling. Menda vaqt juda kam bo‘lganligi sababli ushbu odatni kerakli darajada shakllantirishga ulgurmadim, lekin bu SAT Reading qismi uchun eng muhim poydevordir, — ta’kidlaydi abituriyent.
25 foizlik grantni rad etdi
Ma’rufjon bugunga qadar AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning bir nechta universitetlaridan qabul xatlarini olgan. Hatto ayrim universitetlar unga 25 foizlik grant ham taklif qilgan.
Ammo u bu takliflarni qabul qilmagan. Sababi uning maqsadi bundan kattaroq.
Mening asosiy maqsadim boshidanoq chet elda nufuzli oliygohlarda o‘qish edi. Hozirgacha AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning bir nechta universitetlariga qabul qilindim, hatto ba’zilaridan 25% lik grantlar ham yutdim. Biroq mening maqsadim faqatgina 100% lik grant (full ride scholarship) bo‘lgani uchun bu yil o‘qishga ketmaslikka qaror qildim. Taslim bo‘lish yo‘q! Kelayotgan yilda yanada qattiqroq harakat qilib, dunyoning Top-100 taligiga kiruvchi universitetlaridan to‘liq grant yutishni maqsad qilganman, — deydi u.
Bugun barcha imtihonlarni ortda qoldirib, o‘z ustida ishlashda davom etmoqda.
Bo‘sh vaqtini bekor o‘tkazmaslik uchun yangi chet tillarini o‘rganishni boshlagan Ma’rufjon, shuningdek, ingliz tilida o‘zi yoqtirgan badiiy va shaxsiy rivojlanishga oid kitoblarni mutolaa qilish bilan band.
Ma’rufjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, CEFR B2, matematika fanidan A, tarix fanidan B, o‘zbek tili va adabiyot fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan farg‘onalik abituriyent Rahmonov Abrorjon bilan suhbatlashgan edik.
