Transfer.edu.uz portalida nodavlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirayotgan talabalar uzrli sabab tanlashi talab etilmoqda. Tahririyat o‘rgangan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda esa bunday talab alohida nazarda tutilmagan.
15-iyuldan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlanganidan so‘ng transfer.edu.uz portalidan foydalanayotgan ayrim talabalar nodavlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish uchun ham uzrli sabab tanlash majburiy ekaniga duch kelmoqda.
Portalda uzrli sabab sifatida hozircha faqat quyidagi ikki holat ko‘rsatilgan:
- Oila qurish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish;
- Davlat organi xodimining ish joyi o‘zgarishi sababli tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida davlat xizmatchisining turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish.
Amaldagi tartibga ko‘ra, quyidagi holatlarda o‘qishni ko‘chirish shartlarini nodavlat oliy ta’lim muassasalarining o‘zi belgilaydi:
- davlat OTMdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish;
- nodavlat OTMdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish
- xorijdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish.
Shu sababli nodavlat OTMlar o‘rtasidagi transfer jarayoni universitetlarning ichki qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Transfer.edu.uz portalida nodavlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa nodavlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirishda uzrli sabab talab qilinayotgani qaysi normativ-huquqiy hujjatga asoslangani yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida tahririyat vazirlikning 1006 ishonch raqamiga murojaat qildi.
1006 call-markazi operatori portaldagi tartib Vazirlar Mahkamasining 578-sonli qaroriga asoslanganini bildirdi.
Tahririyat ushbu 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomni ham o‘rganib chiqdi.
Mazkur nizomda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish tartibi batafsil belgilangan.
Biroq qaror matnida nodavlat OTMdan nodavlat OTMga o’qishni ko’chirishda uzrli sabab majburiyligi haqida alohida norma aniqlanmadi.
Call-markaz operatori esa holat texnik xatolik bo‘lishi ehtimolini ham istisno etmadi va aniqlik kiritish uchun portalning texnik mutaxassislariga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Shundan so‘ng transfer.edu.uz portalining texnik xodimlari bilan ham bog‘landik.
Transfer.edu.uz portalining texnik xodimlari tizimda texnik xatolik yo‘qligini, portal Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining topshirig‘i asosida aynan shu tartibda ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Hozircha quyidagi savollar ochiq qolmoqda:
— nodavlat OTMlar o‘rtasidagi transfer tartibi haqiqatan ham o‘zgardimi?
— bu o‘zgarish qaysi normativ-huquqiy hujjat bilan joriy etildi?
— portalda ko‘rsatilgan ikki uzrli sabab yakuniymi yoki boshqa asoslar ham bormi?
— kontrakt narxi, yashash joyining o‘zgarishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar qanday tartibda murojaat qiladi?
Tahririyat mazkur savollar yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatiga ham murojaat qildi. Rasmiy izoh olingach, maqola tegishli ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi.
