Andijon viloyatining Asaka tumanida fuqaroning farzandini 1-sinfga qabul qilishni va’da qilib, buning evaziga 300 AQSH dollari talab qilgan maktab xodimi qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB ma’lum qilishicha, Asaka tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birida kadrlar bo‘yicha menejer lavozimida ishlovchi shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning farzandini 1-sinfga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga u fuqarodan 300 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxs talab qilingan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan oliy ta’limga noqonuniy o‘qishga kiritish va o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlangani haqida xabar bergan edik.
