Universitetga o‘qishga kiritish va xorijdan o‘qishni ko‘chirib berish evaziga pora olgan shaxslar ushlandi

Universitetga o‘qishga kiritish va xorijdan o‘qishni ko‘chirib berish evaziga pora olgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan oliy ta’limga noqonuniy o‘qishga kiritish va o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Tezkor tadbirlar davomida fuqarolardan 10 ming va 5 ming AQSH dollari olgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamentining rasmiy kanalida xabar berildi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir shaxsni dastlab xususiy universitetning Samarqand filialiga o‘qishga kiritib, keyinchalik o‘qishning 2-bosqichidan Buxoro davlat universitetiga ko‘chirib berishni va’da qilgan.

 

U mazkur xizmat evaziga 10 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Shuningdek, departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti kafedrasi mudiri fuqaroning tanishini Rossiya Federatsiyasidagi universitetda go‘yoki bir yil tahsil olganligi haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, keyinchalik uni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

 

U buning evaziga fuqarodan 5 ming AQSH dollari talab qilib, pul mablag‘larini olgan vaqtida ushlangan.

 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Toshkentda o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.