Toshkent shahrida faoliyat yuritgan ikki koll-markazda xorij fuqarolarini soxta investitsiya va kriptovalyuta loyihalari orqali aldagan yirik kiberfiribgarlik tarmogʻi fosh etildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqonuniy faoliyatga chet tillarini yaxshi biladigan yoshlar, jumladan, nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabalari ham jalb etilgan.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan yirik kiberfiribgarlik tarmogʻi fosh etildi.
Dastlabki tergov maʼlumotlariga koʻra, jinoiy guruh xorijiy davlatlar fuqarolarining ishonchiga kirib, ularga soxta investitsiya va kriptovalyuta loyihalarini taklif qilish orqali millionlab mablagʻlarni firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib kelgan.
Aniqlanishicha, noqonuniy faoliyatga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar, jumladan, nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabalari ham jalb etilgan.
Tezkor tadbirlar davomida Yashnobod tumanidagi biznes markazlaridan birida tashkil etilgan koll-markazda 97 nafar shaxs, shundan 5 nafari xorij fuqarosi ekani aniqlangan.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi yana bir biznes markazida faoliyat yuritgan koll-markazda 34 nafar shaxs, jumladan 3 nafar xorij fuqarosi ushlangan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, guruh aʼzolari Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya va Daniya fuqarolariga soxta telefon raqamlari orqali qoʻngʻiroq qilib, oʻzlarini professional treyder sifatida tanishtirgan. Ular 70 foizgacha daromad vaʼda qiluvchi fishing havolalari orqali jabrlanuvchilarning kriptoaktivlarini oʻzlashtirib kelgan.
Qayd etilishicha, koll-markaz xodimlari maxsus qoʻriqlanadigan binolarda faoliyat yuritgan, taxalluslardan foydalangan hamda qatʼiy konspiratsiya qoidalariga amal qilgan.
Tintuvlar davomida 136 ta kompyuter, 320 ta mobil telefon, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, 2 ta seyf, fotoapparat va 189 ta IP-quloqchin ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tergov davomida jinoiy sxema tashkilotchisi boʻlgan xorij fuqarosi hamda u bilan til biriktirgan Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi. Shuningdek, jinoiy guruhning 10 nafar asosiy ishtirokchisiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Yana 10 nafar shaxs hibsga olingan, qolgan 111 nafar fuqaro yuzasidan tezkor-surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hozirda IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi hamda Interpol Milliy markaziy byurosi orqali Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda tergov ishlari olib borilmoqda.
