2026-yilda yana 12 mingdan ortiq o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilishi ma’lum qilindi

2026-yilda yana 12 mingdan ortiq o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilishi ma’lum qilindi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, 2026-yilda respublika bo‘yicha 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirda esa 38,5 ming o‘rinli TTJlarni qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Qayd etilishicha, Prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmoniga muvofiq, 2025-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 8 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish rejalashtirilgan edi. Biroq yil yakunida jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshirilib, reja 138,6 foizga bajarilgan.

 

Yangi talabalar turar joylari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 19 ta davlat oliy ta’lim muassasasida barpo etilgan.

 

Bundan tashqari, 2022–2025-yillar davomida respublika bo‘yicha jami 74,1 ming o‘rinli talabalar turar joylari yaratilgan. Natijada davlat oliy ta’lim muassasalaridagi TTJlarning umumiy sig‘imi 159,1 ming o‘ringa yetgan va talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanish darajasi 58 foizni tashkil etgan.

 

Ayni paytda respublika bo‘yicha 38,5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 30,7 ming o‘rinli obyektlarda qurilish ishlari davom etmoqda.

 

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shimcha 10 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda esa respublika bo‘yicha jami 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.