Kechki yoki sirtqi ta’limda o‘qiyotgan xodimlarga ko‘proq o‘quv ta’tili berish mumkinmi? - Ta’lim xabarlari
Kechki yoki sirtqi ta’limda o‘qiyotgan xodimlarga ko‘proq o‘quv ta’tili berish mumkinmi?

Mehnat kodeksining 385-moddasida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha taʼlim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalarni belgilab berilgan.

 

Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o‘quv taʼtillari:

 

oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida o‘qiyotgan birinchi va ikkinchi kurs talabalariga — kamida 20 kalendar kun, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida 10 kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida o‘qiyotganlarga esa — kamida 30 kun;

 

oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida uchinchi va undan yuqori kurslarda o‘qiyotganlarga — kamida 30 kalendar kun, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida 20 kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus taʼlim, kasb hunar taʼlimi tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida o‘qiyotganlarga esa kamida 40 kalendar kun muddatga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi.

 

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv taʼtillari nazarda tutilishi mumkin.

 

Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular o‘quv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi.

 

Ish beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun taʼlim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yo‘lkira haqining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorini to‘laydi. Davlat attestatsiyasidan o‘tish uchun xuddi shunday miqdorda yo‘lkira haqi to‘lanadi.

 

Demak, yuqoridagi kafolatlar va kompensatsiyalar kechki yoki sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha taʼlim olayotgan xodimlar uchun taqdim qilinadi.

 

Davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv taʼtillari (aytaylik, 30 yoki 40 kalendar kundan ko‘proq) mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilishi mumkin. MK 12-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:

jamoa kelishuvlari;

jamoa shartnomalari;

ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;

ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.

 

Kunduzgi yoki masofaviy ta’lim shaklida ta’lim olayotganlar uchun esa yuqoridagi kafolatlar va kompensatsiyalar tatbiq qilinmaydi, ular uchun korxonaning ichki lokal hujjatlari yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida alohida kafolatlar taqdim qilinishi mumkin. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 559-son qaroriga ilova “Oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 22-bandiga ko‘ra, ish faoliyatini masofaviy ta’lim bilan qo‘shib olib borayotgan talabalarga semestr oxirida yakuniy baholashdan o‘tish, bitiruvchilarga esa yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish, bitiruv malakaviy va magistrlik ishini himoya qilish uchun kamida 15 kalendar kun muddatga ish haqi saqlangan holda ta’til beriladi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры