Yozgi ta’til davrida talabalar to‘liq stavkada ishlashi mumkinmi?

Yozgi ta’til davrida talabalar to‘liq stavkada ishlashi mumkinmi?

Yozgi ta’til davrida oliy ta’lim muassasalari talabalari va texnikum o‘quvchilari to‘liq stavkada ishlashi mumkin. Qonunchilikda bunga oid cheklovlar belgilanmagan.

 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda texnikum o‘quvchilarining to‘liq stavkada ishlashiga qonunchilikda taqiq mavjud emas. Biroq o‘quv jarayoni davom etayotgan davrda ular faqat o‘qishdan bo‘sh vaqtida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.

 

Bunda talaba bir vaqtning o‘zida ham to‘liq o‘qib, ham to‘liq ish vaqtida faoliyat yurita olmaydi. Mazkur qoida masofaviy ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga ham tatbiq etiladi.

 

Yozgi ta’til davrida esa o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lmagani sababli talabalar to‘liq stavkada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Amaliyotda ko‘plab tashkilotlar mehnat ta’tiliga chiqqan xodimlar o‘rniga talabalarni vaqtinchalik ishga qabul qiladi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ–345-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi”ga ko‘ra, tugallanmagan bakalavriat bosqichi — oʻrta maxsus professional taʼlimga tenglashtirilgan.

 

Shu sababli oliy ta’lim muassasasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida talabalar texnikum diplomi talab qilinadigan ayrim lavozimlarda ham ishlashi mumkin.

 

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizomning 8-bandida Oliy taʼlim muassasasining pedagogika yoʻnalishlarida oʻqiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab oʻqishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumtaʼlim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin.

 

Ularga oʻrta maxsus, kasbiy maʼlumotga ega boʻlgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi. Ushbu qoida oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi talabalari uchun ham, sirtqi ta’limda tahsil olayotganlar uchun ham birdek amal qiladi.

 

Boshqa tashkilotlarda esa talabalar diplomlariga asosan yoki malaka talab qilinmaydigan ishlarda ishlasa bo‘ladi.