Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari “Andijon polkasi” tadbiridan qaytayotgan vaqtda YTHga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, hodisa oqibatida bir nafar o‘quvchi vafot etgan, qolganlari esa jonlantirish bo‘limiga yotqizilganligi aytilmoqda.
Andijon viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hodisa 23-iyun kuni sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Andijon shahrida o‘tkaziladigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun Asaka tumanidagi maktab o‘quvchilarining qatnovi maxsus avtobus bilan tashkil etilgan. Biroq bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas rusumli avtomobilda yo‘lga chiqqan.
Yo‘lda mazkur avtomobil ZIL yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida o‘quvchilar shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan biri vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning ahvoli esa qoniqarli ekanligi ta’kidlangan.
Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Andijonda o‘tkazilayotgan “Turk dunyosining madaniy poytaxti — 2026” xalqaro tadbiri doirasida “Andijon polkasi” raqsi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Ma’lum qilinishicha, rekord bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar ishtirokchi “Andijon polkasi” raqsini ijro etishi natijasida qayd etilgan.
