Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida hokim yordamchisi Toshkentdagi oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarodan pul olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabariga ko‘ra, Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ziyolilar” MFY hokim yordamchisi I.R. fuqaro D.R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, Andijondagi OTMga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2 ming dollar talab qilgan mansabdor shaxs qo‘lga olingan edi.
